Samarqandda “Jasorat maktabi” harbiy-o‘quv yig‘ini boshlandi
Qurolli kuchlar kichik mutaxassislarni tayyorlash markazida viloyatimizning shahar va tumanlaridan kelgan yoshlar uchun "Jasorat maktabi" o‘quv yig‘inining uchinchi mavsumi boshlandi.
Viloyat hokimligi, Markaziy harbiy okrug, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi, Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi va huquq-tartibot organlari hamkorligida tashkil etilgan yig‘in ishtirokchilari mas’ul ofitserlar tomonidan tantanali kutib olindi. So‘ng, shifokorlar ko‘rigidan o‘tkazilib, ularga harbiy liboslar tarqatildi.
Ta’kidlanishicha, yig‘inning dastlabki kunida ishtirokchilar o‘z qiziqishlariga qarab "Yosh tadbirkorlar", "Yosh IT dasturchilar" "Yosh haydovchilar" hamda "Yosh payvandchilar" guruhlariga bo‘linadi. O‘n kunlik harbiy-o‘quv yig‘in davomida ma’naviy-ma’rifiy va biznes saboqlar, jangovar tayyorgarlik mashg‘ulotlari, psixologik, motivatsion treninglar olib boriladi. Shuningdek, sport musobaqalari, “Senator va yoshlar”, “Qo‘mondon va yoshlar” kabi bir qator uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.