Samarqandda jigar va yurakni ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi
Bu haqda “Inson a’zolari va to‘qimalari transplantatsiyasi to‘g‘risida”gi qonun loyihasining mazmun-mohiyati xususidagi davra suhbatida aytib o‘tildi.
Videokonferensaloqa shaklida tashkil qilingan tadbirda xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari, sog‘liqni saqlash boshqarmasi, tuman-shahar bo‘limlari hamda mutasaddi va manfaatdor idoralar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Muloqot davomida qonunning mazmun-mohiyati, shu jumladan, sohada olib borilayotgan islohotlarning aniq maqsadlari xususida so‘z yuritildi.
Qayd etilganidek, fuqarolarimiz juda katta mablag‘ sarflab chet ellarda amalga oshirib kelayotgan nozik va qiyin jarrohlik amaliyotlari nafaqat poytaxtimiz, balki viloyatlardagi davolash muassasalarida ham muvaffaqiyatli bajarilmoqda. Bunda sohaning moddiy-texnik bazasi va tibbiy kadrlar salohiyati davr bilan mutanosib ravishda takomillashtirib borilaayotgani muhim ahamiyat kasb etmoqda.
- Birgina misol, buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyotini xorijda 40-50 ming dollar sarflamasdan, Samarqand viloyatida ham ko‘pi bilan 7 ming dollarga amalga oshirish mumkin bo‘ldi, - deydi Oliy Majlisi Senatining Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Odiljon Iminov. – Biroq inson a’zolari va to‘qimalari transplantatsiyasi borasida qonunchiligimizda belgilangan normalar bugungi kun talablariga mos emas. Qonun loyihasida qayd qilingan amaliyot bilan bog‘liq aniq chegara va tartiblar belgilab berilmoqda. Shu bois, loyiha deputatlar, mutaxassislar, qolaversa, keng jamoatchilik ishtirokida bugungiday davra suhbatlarida batafsil muhokama qilinmoqda.
Ta’kidlanganidek, inson a’zolarini ko‘chirib o‘tkazish bilan bog‘liq turli ko‘ngilsiz hodisalarning oldini olish maqsadida Jinoyat kodeksiga ham tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilyapti. Bundan tashqari, amaliyotni biznes turiga aylanib qolmasligi uchun ham zarur cheklovlar o‘rnatilmoqda.
- Qonun loyihasida asosiy maqsad odamlarimiz salomatligini tiklash uchun zarur mablag‘ topish, xorijiy davlat tilini tushunmaslik kabi qiyinchiliklarga duch kelmasligini ta’minlashga qaratilgan, - deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i D.Jumaniyozov. – Misol uchun, bugungi kunda viloyatimizda 67 ta buyrak, 8 ta jigar transplatatsiyasi amalga oshirilgan fuqarolarimiz bor. Ularning bor-yo‘g‘i 3 nafari Samarqand shahrida operatsiya qilingan. Buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti kengaytirilishi kelgusida salomatligida mazkur a’zosi bilan bog‘liq bemorlar uchun katta qulaylik bo‘ladi.
Bundan tashqari, bugungi kunda viloyatda 5 ta gemodializ markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Ya’ni, aholi turli qon tahlillari uchun nafaqat xorij, balki poytaxt – Toshkent, hatto viloyat markaziga ovora bo‘lib kelishlariga hojat qolmadi.
Eng katta o‘zgarishlardan biri yaqin vaqt ichida viloyatda jigar va yurak transplantatsiyasini yo‘lga qo‘yilishi bo‘ladi. Ayni vaqtda inson a’zolari va to‘qimalarini ko‘chirib o‘tkazish bilan shug‘ullanuvchi maxsus markaz faoliyatini yo‘lga qo‘yish ham rejalashtirilyapti.
Muloqot davomida ishtirokchilar qonun loyihasi yuzasidan o‘z taklif va mulohazalarini bildirishdi.
Yoqubjon MARQAYeV.