Samarqandda jinoyatchilik va huquqbuzarliklar holati Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari ishtirokida muhokama etildi

Kecha Samarqand viloyati prokuraturasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish va barvaqt aniqlash, bu borada yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari, 3-darajali davlat adliya maslahatchisi Bahriddin Valiyev ishtirokida muhokama etildi.

Viloyat prokuraturasining xabariga ko‘ra, yig‘ilishda viloyatning barcha sektor rahbarlari, viloyat sudi, davlat xavfsizlik xizmati, milliy gvardiya, Bosh prokuratura huzuridagi departament va MIB, mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash hamda yoshlar ishlari agentligi viloyat hududiy boshqarmalari boshliqlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning mas’ul xodimlari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda joriy yilning o‘tgan davrida sektor rahbarlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning jinoyatchilikning oldini olish borasidagi faoliyati sarhisob qilindi.

Tanqidiy ruhda o‘tgan muhokamalarda jinoyatchilikka qarshi kurashish va barvaqt oldini olish, «mahallabay» ishlash tizimini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish maqsadida huquqbuzarliklarni muntazam tahlil qilib, amaliy tadbirlarni rejali va maqsadli olib borish, faoliyatda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanish zarurligi ta’kidlandi. Muhokama qilingan masalalar yuzasidan aniq tavsiyalar bildirilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.