Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqandda “Kiberjinoyatchilikka qarshi kurash haftaligi” boshlandi

Viloyatda kiberjinoyatlarning oldini olish, aholining virtual muhitdagi kiber tahdidlardan ogohligini oshirish hamda “raqamli immunitet”ni shakllantirish maqsadida joriy yilning 1-7 may kunlari “Syber Week” nomi ostida “Kiber makonda sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish haftaligi" o‘tkaziladi.

Bu haqda bugun viloyat IIBda Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti Kiberxavfsizlik markazi mas’ul xodimi Atoyev Lochinbek va OAV vakillari ishtirokida tashkil etilgan seminarda ma’lum qilindi.

Viloyat hokimining farmoyishiga muvofiq, haftalikni o‘tkazish tadbirlari ishlab chiqilgan bo‘lib, tadbirlar davomida korxona-tashkilotlar, ta’lim muassasalari, shuningdek, bozorlar, savdo komplekslari va jamoat joylarida faoliyat ko‘rsatayotgan yurtdoshlarimiz qamrab olinishi ko‘zda tutilgan.

Tadbirlarning ta’sirchanligini oshirish maqsadida joylarda taniqli san’atkorlar ham targ‘ibot ishlariga jalb etiladi. Bundan tashqari, kiberjinoyatlardan himoyalanish bo‘yicha internetning yutub kanalida targ‘ibot lavhalari joylashtiriladi hamda muntazam ravishda ko‘rsatib boriladi.

Haftalik davomida kiberjinoyatga qarshi kurashishni targ‘ib qiluvchi hamda undan ogoh bo‘lishga qaratilgan mahallalar o‘rtasida “Eng yaxshi mahalla”, katta yoshdagi aholi vakillari, xususan, nafaqaxo‘rlar ishtirokida “Bank kartasi kodini hech kimga bermayman”, blogerlar va ijtimoiy tarmoqlar faollari o‘rtasida “Eng ommabop kontent”, ta’lim muassasalaridagi yoshlar, ijodiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi aholi o‘rtasida “Eng yaxshi monolog”, “Eng yaxshi insho”, “Eng yaxshi she’r”, 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasida “Sportli dasturlash” va “Veb-saytimiz xavfsizlik darajasini aniqlash” kabi o‘ndan ortiq innovatsion yondashuv asosida tanlovlar o‘tkaziladi.

Targ‘ibot-tashviqot tadbirlari 7 mayga qadar davom etadi va tanlov g‘oliblari qimmatbaho va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi.

F.Ro‘ziboyev.