Samarqandda kislorod zavodi o‘rnatildi

Viloyatdagi tibbiy kislorodga bo‘lgan ehtiyoj oshishi ehtimolini inobatga olib, Samarqand shahrida qiymati 600 ming AQSh dollariga teng, quvvati soatiga 55 kub bo‘lgan Fransiyada ishlab chiqarilgan kislorod zavodi olib kelib o‘rnatildi.

Shuningdek, tez tibbiy yordam xizmati sifatini oshirish maqsadida 83 dona “Damas”, 10 dona “Volkswagen” va 2 dona “Isuzu” rusumli maxsus avtomashinalari uchun jami 10 milliard 799 million so‘m mablag‘ ajratildi. Bundan tashqari, viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markaziga ham koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish doirasida xizmat qilishi belgilangan 27 ta “Damas” avtomashinasi olib berildi.

Dori-darmon zaxirasi uchun mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan 5 milliard so‘m ajratildi. Ushbu mablag‘lar respublika "Dori-darmon" jamiyatiga ko‘chirib berilgan bo‘lib, kerakli dori vositalarining 3 oylik zaxirasi yaratildi.

Bugungi kunga qadar Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan markazlashgan tartibda bemorlarga tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun ixtisoslashgan davolash-profilaktika muassasalariga qiymati 20 milliard 880 million so‘mga teng bo‘lgan 50 turdagi 1598 dona zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar olib kelindi. Shuningdek, viloyat hokimi E.Turdimovning bevosita yordami bilan 1220 dona kislorod ballonlari, 75 ta kardiomonitor, 2000 ta bobrov apparati, 1500 ta pulsoksimetr, 872 ta kislorod konsullari, 140 ta kislorod konsentratorlari, 1000 ta kislorod naychalari olib kelindi.

Samarqand viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi.