Samarqandda ko‘chadagi velopoygalar piyodalarga va elektromobillarga xavf tug‘dirmoqda

Darhaqiqat, bugun Samar­qand shahriga kelgan mehmonlar va mahalliy aholi uchun bir qancha qulaylik yaratilib, zamonaviy xizmatlar yo‘lga qo‘yilyapti. Islom Karimov ko‘chasida yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan yoshlar sayr qilishi uchun velosiped ijarasi ham tashkil etilgan. Ayni payt­da ushbu hududda 200 tadan ziyod velosiped bor.

Bu yaxshi, albatta, ammo bu xizmatdan foydalanuvchilarning ayrimlari velosipedni boshqarishni yaxshi bilmasligi yoki yoshlarning velosipedda o‘zaro poyga uyushtirayotgani sayyohlarga noqulaylik tug‘dirmoqda. Ba’zan piyodalarni urib ketish, mehmonlarga xizmat ko‘rsatayotgan elektromobillar bilan to‘qnashuv sodir etilayotgani hududda bir qancha tartibsizliklarni yuzaga keltiryapti.

– Bu maydonda velosipedlarning harakatlanishi bizga xalaqit beradi, – deydi elektromobil haydovchisi Farrux Husenov. – Mashinada harakatlanib ketayotgan paytda ular kutilmaganda oldimizda paydo bo‘lib qoladi. Rulni u yoki bu tomonga keskin burishning iloji yo‘q. Boisi, har ikki tomonda ham piyodalar bor. Yaqinda bir bola velosipedda keta turib, boshqaruvni yo‘qotdi va to‘xtab turgan mashinamga kelib urildi. Bolaning u yer-bu yeri lat yedi-yu, harqalay jiddiy jarohatlanmadi. So‘nggi paytlarda velosiped haydayotgan bolalarning piyodalarni urib ketayotganiga tez-tez duch kelyapmiz. Lekin hech kim bu holatni tartibga solishga qiziqmayapti.

Bu haqda ushbu xizmatni tashkil etgan tadbirkorlar bilan suhbatlashganimizda go‘yo hammasi joyida, shu kungacha velosiped bilan bog‘liq hech qanday ko‘ngilsizlik yuz bermaganini aytishdi.

– Faoliyatim "Yagona darcha" tomonidan qonuniy ro‘yxatdan o‘tkazilgan, – deydi tadbirkor Mansur Ahmedov. – Tasarrufimda 20 ta velosiped bor. Mijozlarning birortasi piyoda yoki bu yer­da harakatlanayotgan elektromobillarga to‘qnashgani yo‘q. Velosipedni ijaraga berishdan oldin ularga sekin haydashni, boshqaruv jarayonida ehtiyot bo‘­lishni tayinlaymiz.

Ammo ushbu hududda sayr qilib yurganlar bilan gaplashganimizda ularning fikri boshqacha. Ko‘pchilik bu yerdagi velosipedlar harakati tufayli yosh bolalar bilan aylanish xavfli bo‘lib qolgani, yigit-qizlarning tun yarmigacha baqir-chaqir qilib, velosiped minib yurishini aytishdi.

Savol tug‘iladi – doim odamlar bilan gavjum bo‘ladigan bu hududda velosiped harakatlanishi mumkinmi? Bu yerda velosiped ijarasini tashkil etish-chi?

Samarqandga kelgan xoh xorijiy, xoh mahalliy sayyoh bo‘lsin, tarixiy obidalarni tomosha qilish, bundan estetik zavq olishni istaydi. Bunday paytda ularga xalaqit beruvchi har qanday omil mehmonlarga malol kelishi tabiiy. Velosiped haydovchilarining, piyodalarning xavfsizlik masalasi ham bor. Velosiped haydovchisi elektromobilga borib urilganda biror ko‘ngilsiz hodisa yuz bermaydi, deb kim kafolat beradi? Ota-onasi bilan sayrga chiqqan bolani urib ketganda, u jiddiy jarohat olmasligiga-chi?

Xo‘sh, bu haqda mutasaddi idoralar mas’ullarining fikri qanday?

Olim SONNIBOYeV.