Samarqandda koronavirus bilan kurashgan 68 nafar tibbiyot xodimlari ish joyidan karantin hududiga kuzatildi

Samarqand viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida 68 nafar tibbiyot xodimlari 14 kunlik ish faoliyatini tugatib, yana shuncha kun davomida karantinni o‘tash uchun jo‘natildi.

Viloyat hokimligi, sog‘liqni saqlash boshqarmasi mutasaddilari ushbu muddat davomida koronavirus yuqtirgan bemorlarning muolajasida ishtirok etgan tibbiyot xodimlarini tantanali tarzda kuzatib qo‘yishdi.

- Avvalo shuni alohida ta’kidlashni istardimki, ushbu xastalikka chalingan bemorlar bilan ishlagan har bir tibbiyot xodimini qahramonga qiyoslagan bo‘lardim, - dedi viloyat hokimi o‘rinbosari R.Qobilov. - Bugun ularning ikkinchi qismi o‘z faoliyatini tugatib, uchinchi guruh xodimlar ish faoliyatini boshladi. Ushbu davr davomida Samarqandda virusga chalinganlarning 23 nafari tuzaldi. Shifokorlar va boshqa tibbiyot xodimlariga ushbu davrdagi faoliyati uchun belgilangan miqdordagi, 25 milliondan 10 million so‘mgacha bo‘lgan mablag‘lar to‘lab berildi.

Viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi darvozalari ochilgach, bir guruh tibbiyot xodimlari ko‘zlari quvonchdan porlagancha o‘zlarini tayyorlab qo‘yilgan ulovlarga urishdi. Bir binodan chiqmay ishlagan mutaxassislar uchun bu ozodlikdan bahra olishday gap.

- To‘g‘risi, o‘zimni vazifamni bajarishga kirishayotgan mutaxassisday his qildim, undan ortiq emas, - deydi viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi shifokori Mashhura Abdug‘aniyeva. - Oilamdagilar ham kasbimni juda yaxshi tushunishadi va bu yerda 14 kun mobaynida, bugun ko‘pchilikni o‘ylantirayotgan koronavirus bilan xastalangan bemorlarni davolash uchun ishlashimga oddiy hol sifatida qarashdi. Men yuqumli kasalliklar shifoxonasida ishlayman, axir! Boshqa paytlarda ham ehtiyotkorlik va yuqori mas’ullik bilan faoliyatimni amalga oshirishim lozim. Bu turli boshqa xastaliklar yuqish ehtimoli yuqori, degani. Bemorlarga vahimaga tushmasligi uchun qo‘ldan kelgancha muolaja bilan birga ularga ruhan dalda berishga ham urindik.

Shifokor va tibbiyot xodimlari bilan suhbatlashar ekanmiz, ular faqatgina o‘z vazifasini bajargan, qahramonlik qilayotgani xayoliga ham kelmaganini his qilish mumkin edi. Aksincha, biz bilan gaplashmang, o‘zingizni ehtiyot qilinglar, biz potensial virus tashuvchi bo‘lishimiz mumkin, axir, deya shu yerda ham o‘z mas’uliyatini unutmaganlari ko‘p bo‘ldi.

Shuningdek, shu kuni Samarqandlik ikki nafar bemor ham tuzalib, reabilitatsiyaga kuzatildi.

 

Gulruh MO‘MINOVA.