Samarqandda ma’muriy va yordamchi binolarga 600 ta kichik quyosh fotoelektr stansiyalari o‘rnatiladi

Shu yil 10 iyun kuni Prezident rahbarligida qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanishni kengaytirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgan edi. Mazkur yig‘ilishda Sh.Mirziyoyev barcha vazirlik va idora, hokimlik, mahalla binolarini muqobil energiyaga o‘tkazish vaqti kelganini ta’kidlagan edi.

Ushbu topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida viloyat hokimligi tomonidan tashkilotlarning ma’muriy (yordamchi) binolariga kichik quyosh fotoelektr stansiyalarini o‘rnatish reja-taqsimoti ishlab chiqildi. Taqsimotga ko‘ra, birinchi navbatda viloyatdagi korxona, tashkilotlarning ma’muriy va yordamchi binolariga 600 ta kichik quyosh fotoelektr stansiyalari o‘rnatiladi. O‘rnatiladigan stansiyalarning 360 tasi quyosh panellari bo‘lsa, 240 tasi quyosh suv isitish qurilmalaridir.

Bu haqda bugun o‘tkazilgan hokimlik soatida viloyat hokimi Erkinjon Turdimov ma’lum qilib, iqtisodiyot tarmoqlari, aholi va ijtimoiy soha ob’yektlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan keng foydalanish choralarini ko‘rishga barcha rahbarlar mas’ulligini bildirdi.

Shuningdek, rahbarlarga korxona va tashkilotlarda elektr va issiqlik energiyasi xarajatlarini kamida 25 foizga qisqartirish bo‘yicha dastur ishlab chiqishga ko‘rsatma berdi.