Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Qayta tiklanuvchi energiya manbalari: Imtiyozi qanaqa, foydalanish tartibi-chi?

Davr talabidan kelib chiqib, muqobil energiyadan foydalanish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shu nuqtai nazardan hukumatimiz ham bu borada qator imtiyozlar yaratib bermoqdaki, bu qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ko‘payishiga xizmat qilishi kerak. Ammo barcha birdek bu yengiliklarni tushunib yetmayapti, ayrim hollarda esa undan foydalanish tartibini bilmayotganlar bor.

Biz bu borada mavjud holat va tartib-tamoyillar haqida bilish uchun viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i Aloviddin Inog‘omovga murojaat qildik.

- Aprel oyidan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari uchun soliq imtiyozlari joriy qilingandi. Ayting-chi, 1 iyul holatiga viloyatda qancha jismoniy va qancha yuridik shaxs bu imtiyozdan foydalandi?

- Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 22 sentyabrdagi “Soliq to‘lovchilarni hisobga olishni yanada takomillashtirish va qo‘shilgan qiymat solig‘ining o‘rnini qoplash tartibini soddalashtirish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, “Ye-imtiyoz” dasturi ishga tushirilgan.

Imtiyozdan foydalanish uchun yuridik shaxslar shaxsiy kabinetidan ayni dastur orqali murojaat etishi lozim bo‘ladi va tegishli hujjatlar (korxona guvohnomasi, qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatganlik to‘g‘risida hujjatlar va kadastr hujjatlari)ni ilova qiladi.

Umuman, Soliq kodeksining 414-moddasiga ko‘ra, qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini (nominal quvvati 0,1 MV va undan ortiq bo‘lgan) o‘rnatganlik uchun qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqaruvchilar, ular foydalanishga joriy etilgan paytdan e’tiboran o‘n yil muddatga soliqdan ozod qilinadi.

Shuningdek, 428-moddasida qayta tiklanadigan manbalardan energiya ishlab chiqaruvchilar qayta tiklanadigan energiya manbalari (nominal quvvati 0,1 MV va ko‘proq) uskunalari egallagan yer uchastkalari bo‘yicha ular ishga tushirilgan paytdan e’tiboran o‘n yil muddatga soliqdan ozod etilishi belgilangan.

Ma’lumot uchun, viloyatimizda yuridik shaxslar 6,9 milliard so‘m yer va mol-mulk solig‘i imtiyozlaridan foydalandi.

- Qayta tiklanuvchi elektr qurilmalari orqali tarmoqqa elektr energiyasi sotib, foyda olish borabarida bu foyda uchun soliqdan ham chegirma berilishi kerak edi. Biroq mushtariylarimizga ko‘ra, bu amaliyot qo‘llanilmayapti. Sabab nima?

- Viloyatda 313 ta tadbirkorlik sub’yekti tomonidan qayta tiklanadigan manbalardan energiya ishlab chiqaruvchi uskunalar o‘rnatilgan. Ushbu korxonalar “Ye-imtiyoz” dasturi orqali imtiyozlardan foydalanish uchun murojaat qilmagan.

Savol tug‘ilishi tabiiy, ushbu tarmoqqa sotgan elektr energiyasi uchun olgan foydasidan hisoblanadigan foyda solig‘i yuridik shaxslarga qaytariladigan bo‘lsa, mahalliy byudjetda katta yo‘qotish bo‘lmaydimi? Uning o‘rni qaysi manbalar hisobidan qoplanadi?

Qayd etish lozimki, foyda solig‘i mahalliy byudjet daromadlarini tashkil etib, imtiyoz qo‘llanilishi hisobiga daromad kamayishi aniq. Biroq uning o‘rnini investitsiya loyihalarini ishga tushirish hamda kam quvvatda ishlayotgan sub’yektlarni to‘liq ishga tushirish hisobiga qoplanadi.

Yoqubjon Marqayev suhbatlashdi.

***

Ushbu maqola Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi granti loyihasi asosida tayyorlandi.