Samarqandda mart oyida 17 nafar ayol qamoqdan qaytdi. Ularning bugungi hayoti qanday?

Ularning birovi bilib, birovi bilmay, yana biri jahl ustida jinoyatga qo‘l urdi. Buning uchun tegishli jazoga tortildi. Xatosini anglab, noto‘g‘ri yo‘l tutgani uchun chin dildan pushaymon bo‘lganlari muddatidan oldin ham ozodlikka chiqdi. Jumladan, shu yilning mart oyida ana shunday bir guruh xotin-qizlar o‘z uyiga qaytdi. Ular orasida samarqandlik xotin-qizlar ham bor.

-  Joriy yilning mart oyida Samarqand viloyati bo‘yicha 17 nafar xotin-qiz jazoni ijro etish muassasalaridan o‘z uyiga qaytdi. Ularning kelgusi hayotini yaxshilash, bandligini ta’minlash, jamiyatga moslashishi uchun belgilangan amaliy ishlar amalga oshirildi, - deydi Samarqand viloyat ichki ishlar boshqarmasi huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i Ra’no Qilicheva. – Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil 4 fevralda qabul qilingan “Ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi farmoniga asosan, qolaversa, muddatini o‘tib kelgan bu xotin-qizlarning bandligi ta’minlandi. Bir nafari pensiya yoshida bo‘lganligi, 3 nafarining yosh bolalari borligi tufayli ishlash imkoni yo‘qligini bildirdi.

Xususan, jazoni ijro etish muassasasidan qaytgan narpaylik uch nafar ayollarga tikuv mashinkalari berildi.

- O‘sha yoqda 4,5 yil bo‘lib qaytdim, - deydi Narpay tumani Tinchlik mahallasida yashovchi Feruza Ismatova. – Prezidentimizning bizni afv etishi tufayli bugun oilam davrasida, uyimdaman. To‘g‘risi, kelgan kunimdanoq mahalla, hokimiyat, ichki ishlar bo‘limidan vakillar kelib holimni so‘rashdi. Muammolarim bilan qiziqib, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatganlari, yordam berganlaridan to‘lqinlanib ketdim. Qamoqxonada asosan tikuvchilik bilan shug‘ullanardik. U yerda bu ishni yaxshi o‘rgandim. Shuning uchun hokimlikdan menga tikuv mashinkasi bersa u bu narsalar tikib, sotuvga qo‘ymoqchi edim. Ayni paytda karantin tufayli bu ishlar biroz ortga surildi. Hozir ham holimni so‘rab, oziq-ovqat mahsulotlari berib ketishdi. Endi faqat halol mehnat qilib, yaxshi oila bekasi bo‘lishga intilaman.

Gulruh MO‘MINOVA.