Samarqandda MIB xodimlarining ustiga benzin sepib, yoqishga uringan ayolga sud hukmi o‘qildi

2020 yil 11 iyun kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudida sudlanuvchi D.R. (1978 yilda Samarqand shahrida tug‘ilgan, millati – o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti – o‘rta, muqaddam sudlangan)ga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e’lon qilindi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi sudyasi Abduhakim Oltiboyev raisligida ko‘rib chiqildi.

Aniqlanishicha, 2020 yil 21 yanvar kuni Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Samarqand shahar bo‘limi davlat ijrochisi M.Bekmuhammedov, bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari F.Ibragimov va jami 23 nafar davlat ijrochilari bilan birgalikda ish yurituvidagi fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining 2019 yil 12 sentyabrdagi ijro hujjatiga asosan uy-joydan chiqarish yuzasidan Samarqand shahri Navoiy-shoh ko‘chasi, 49-uy, 16-xonadonda majburiy ijro harakatlarini boshlash jarayonida, fuqaro D.R. uy-joydan chiqishdan qat’iy bosh tortib, MIB Samarqand shahar bo‘limi xodimlarining xizmat faoliyatiga faol qarshilik ko‘rsatib, ularning ustiga benzin yoqilg‘isini sepib, qo‘lida yonib turgan sochiqni ularning ustiga qasddan uloqtirib yuborib, davlat ijrochilarining xizmat vazifalarini bajarishdan voz kechishiga majbur qilgan.

Sud hukmiga ko‘ra, D.R. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 219-moddasi (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli, deb topildi. Unga uzil-kesil o‘tash uchun 1 yil 7 oy 9 kun ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Ushbu jinoiy ish bo‘yicha sudga raislik qiluvchi tomonidan sudlanuvchi va boshqa tomonlarga hukm ustidan shikoyat qilish tartibi va muddati tushuntirildi.