Samarqandda Milliy bank mijozlaridan 3 kunda kredit qarzdorlikni to‘lash talab qilinyapti. Bank qanchalik haq?
Gap Samarqand shahri Qorasuv massividagi ko‘p qavatli xonadon egalarining kredit qarzdorligi to‘g‘risida boryapti. Massivda 2020 yil boshida foydalanishga topshirilgan 12-16 qavatli uylar 18 foizlik kredit asosida 15 yilgacha muddatga berilgan.
Pandemiya sabab yurtimizda ayrim ish o‘rinlari qisqardi, ayrimlarning daromadi kamaydi, ba’zilar ma’lum muddat ishidan ajraldi.
Prezidentimizning 2020 yil 3 apreldagi “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga asosan tijorat banklari tomonidan moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan yuridik va jismoniy shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlarning kreditlari bo‘yicha to‘lovlarga 2020 yil 1 oktyabrgacha kechiktirish taqdim etish ko‘rsatilgan. Demak, koronavirus pandemiyasi oqibatida moliyaviy qiyinchilikka duch kelgan aholi va tadbirkorlar kreditning asosiy qarzi va foiz to‘lovlarini tomonlar kelishuviga ko‘ra, joriy yil 1 oktyabrga qadar uzaytirishi va to‘lamasligi mumkinligi ommaviy axborot vositalarida aytildi.
Shundan so‘ng imkoni borlar kredit qarzlarini to‘lab bordi, imkonsizlar bankka murojaat etdi. Biroq bank ulardan ariza olmadi, shartnoma muddatini uzaytirmadi. Shuningdek, bank 1 oktyabrga qadar qarzdorlikni to‘lash haqida ogohlantirmadi ham.
Qisqasi, pandemiya sabab kimdir 3 oy, kimdir 5 oy kredit qarzdorligini to‘lay olmadi. Prezidentimizning yuqoridagi farmoniga asosan, pandemiya davrida kredit qarzdorlikni to‘lay olmaganlarning qarzi uzaytirilishi kerak edi. Ammo shu kunlarda Qorasuv massivida istiqomat qiluvchi ayrim qarzdorligi bor fuqarolarga bank tomonidan ogohlantirish xati SMS tarzida kelyapti. Unda aytilishicha, “3 bank ish kunida qarzdorlikni to‘lamasangiz, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat etamiz”, deyilgan.
Prezidentimizning 2020 yil 3 apreldagi “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoni O‘zbekiston Milliy banki Samarqand viloyati bo‘limiga taalluqli emasmi? Uch kunda aholi katta miqdordagi pulni qayerdan topadi?
Xurshida ERNAZAROVA.