Samarqandda milliy liboslar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi
Samarqand veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida “Xon atlas – milliyligimiz ramzi” festivali o‘tkazildi.
Atlasdan tikilgan liboslarimizda xalqimizning o‘tmishi, urf-odati hamda an’analari, shuningdek, o‘ziga xos xususiyatlari mujassam. Atlas matosi qadimiyligi hamda betakrorligi uchun dunyoning hech qaysi joyida uchramaydi.
– Atlas – xalqimiz milliy liboslarining ramziga aylanib ketgan, – dedi “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti xotin-qizlar maslahat kengashi raisi Muhayyoxon Abbosova. – Uning yorqin ranglari, takrorlanmas naqshlari kishiga xush kayfiyat bag‘ishlaydi. Bugun butun dunyoda milliy matolarimiz bo‘lgan atlas va adrasga qiziqish yuqori. Bu har birimizda faxr uyg‘otadi.
Festivalda milliy liboslar ko‘rgazmasi hamda unversitet talaba-qizlari tomonidan badiiy chiqishlar namoyish etildi. Tadbirda viloyat hokimi o‘rinbosari Z.Rahmonova ishtirok etdi.