Samarqandda nega IT-park yo‘q?

2020 yil 25 yanvarda Prezidentning Oliy Majlisga Murojaatnomasida “Elektron hukumat” tizimini, amalga oshirilayotgan dasturlar va loyihalarni tanqidiy qayta ko‘rib chiqib, barcha tashkiliy va institutsional masalalarni kompleks hal etish zarurligi haqida to‘xtalgandi. Toshkent shahrida zamonaviy infratuzilmaga ega bo‘lgan IT-park barpo etilayotganini aytib, bunday IT-parklar Nukus, Buxoro, Namangan, Guliston va Urganch shaharlarida, shuningdek, Samarqandda ham tashkil etilishini ta’kidlagandi.
Davlat rahbari aytgan IT-park Samarqandda qachon ishga tushadi? Bu savolga mutasaddilardan aniq javob ololmadik.
Birgina, viloyat axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish hududiy boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnoparki (IT park)ning hududiy filialini tashkil etish bo‘yicha Samarqand shahri Amir Temur ko‘chasidagi 2 qavatli binoda “NET SERVICE BEST GROUP” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan ta’mirlash va qurilish-montaj ishlari amalga oshirilmoqda.
Maqolani tayyorlash jarayonida yana bir qiziq ma’lumotga duch keldik. Davlatimiz rahbari 2019 yil yanvar oyida Samarqandga tashrif buyurib, faollar bilan uchrashganda ham bu haqda so‘z yuritilgan ekan. Xususan, o‘sha yig‘ilishda Samarqand shahridagi Yoshlar markazida yoshlarning zamonaviy intellektual bilimlarini yanada oshirish maqsadida IT-markaz tashkil etish haqida topshiriq berilgan. Buning uchun 1 milliard so‘m ajratish belgilangan.
Qizig‘i shundaki, ushbu topshiriqni ijro etish muddati 2019 yil 30 iyun etib belgilangan. Mana, 2020 yilning shu sanasi o‘tganiga ham 6 oy bo‘lyapti. Ammo samarqandlik yoshlarning axborot texnologiyalarini chuqur o‘rganishi, zamonaviy ilm egallashlari uchun markaz tashkil etilgani yo‘q.
Savol tug‘iladi, davlat rahbarining tegishli hujjatlari bo‘lishiga qaramasdan, bu ish nega ortga surilmoqda?
To‘lqin SIDDIQOV.