Samarqandda Nurobod tumani nechta?

Nechta bo‘lardi – bitta, deysizmi? To‘g‘ri, haqsiz. Lekin hozirgina O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining http://madaniyat.uz/ saytiga kirgach, o‘ylanib qoldim. Nima uchun sayt mas’ullari hududlar bo‘limida Samarqand viloyati haqidagi ma’lumotlarda Nurobod tumani madaniyat bo‘limi haqidagi ma’lumotni 3 marta, Narpay va Qo‘shrabot tumanlari haqida 2 martadan joylashtirishibdi ekan.

Yana bir holat kishini hayron qoldiradi – bir o‘rinda “QO‘ShROBOT TUMAN HOKIMLIGI MADANIYaT BO‘LIMI” (Rahbari:Xolboyev Ermamat) deb yozilgan bo‘lsa, biroz quyiroqda “Qo‘shrobot tumani madaniyat bo‘limi” (Rahbari:Xolboyev Ermamat) deb ma’lumot berishgan.
Bular holva ekan. “Samarqand viloyati madaniyat voshqarmasi” (shunday yozilgan) deb berilgan ma’lumotda ism-sharifi keltirilgan boshqarma rahbaridan keyin ham mazkur tashkilotda ikki marta boshliq almashdi. Nahotki buni vazirlik sayti mas’ullari bilmaydi.
Umuman, respublikamizdagi katta bir vazirlikning saytini shu vazirlik rahbarlari ko‘radimi? Vazirlik haqida ma’lumot olmoqchi bo‘lib, xorijdan kiradiganlar-chi? (baxtga qarshi, hududlar haqida ingliz tilida ma’lumot kiritilmagan ekan)

G‘.HASANOV.