Samarqandda odam DNKsi ekspertizadan o‘tkazilmoqda

Barcha tarmoqlar qatori tibbiyot, xususan, sud-ekspertizasi sohasi ham rivojlanib, bu turdagi xizmatlardan keng miqyosda foydalanish imkoniyatlari yaratilmoqda. Sir emas, ilgari bunday ekspertizalar faqat Toshkent shahrida amalga oshirilar edi. Endi esa undan Samarqandda ham foydalanish mumkin.

Prezident farmoni bilan tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”da joriy yil Samarqand viloyatida ham odam DNKsi sud biologik ekspertizasi laboratoriyasini tashkil etish belgilangan edi. 8 iyul kuni Samarqand shahrida Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi respublika sud ekspertizasi markazining viloyat bo‘limi ish boshladi.

Odam DNKsi sud biologik ekspertizasi quyidagilarni aniqlash imkonini beradi:

- noma’lum jasad qoldiqlarini identifikatsiya qilish;
- qon, so‘lak, soch, to‘qimalar, organlar, tana bo‘laklari va boshqalarni ma’lum bir shaxs yoki bir necha shaxsga tegishliligini aniqlash;
- bolaning biologik ota-onasini aniqlash;
- ota yoki ona nasli bo‘yicha yaqin yoki uzoq qarindoshlikni aniqlash;
- biologik egizaklarni aniqlash (monozigota yoki dizigota egizaklar) va boshqalar.

Laboratoriya ishga tushgandan buyon unda fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 20 ta, ichki ishlar organlari tomonidan 15 ta hamda prokuratura so‘rovi asosida bitta laboratoriya tahlili o‘tkazilgan bo‘lsa, mutaxassis fikrini so‘ragan fuqarolar uchun 5 ta ekspertiza tayinlangan.

Adashmadingiz, laboratoriyada fuqarolarning xohish va ehtiyojiga ko‘ra ham ekspertiza tayinlash imkoniyati mavjud. Bunday murojaatlar uchun “mutaxassis fikri” hamda “anonim murojaat” singari xizmat turlari mavjud.

Abdulaziz MARDIYeV,
Davlat sud eksperti 3-darajali yuristi.