Samarqandda Oliy sport mahorati instituti faoliyatini boshlamoqda
Olimpiya va Paralimpiya sport turlari bo‘yicha yuqori malakali hamda zamonaviy bilim va texnologiyalarni o‘zlashtirgan trener, hakam seleksioner va boshqa mutaxassislarni tayyorlash maqsadida 2022 yil 6 iyun kuni “Oliy sport mahorati instituti faoliyatini tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Qarori imzolangan edi.
Qarorga muvofiq, Samarqand shahrida Oliy sport mahorati instituti tashkil etildi. Bu yil mazkur dargohga dastlabki talabalar qabul qilinadi. MOQ raisi o‘rinbosari Sherzod Tashmatov boshchiligida Institut faoliyatini yo‘lga qo‘yish, unga terma jamoalardagi iqtidorli sportchilarni jalb etish kabi masalalarga bag‘ishlangan onlayn yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Aytilishicha, ushbu institutga oliy sportda katta muvaffaqiyatga erishgan, xususan, turli yosh toifalaridagi Osiyo hamda jahon chempionatlarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan, shuningdek, kattalar o‘rtasidagi mamlakat birinchiligida g‘alaba qozongan sportchilar imtiyozli qabul qilinadi.
O‘qish davomiyligi 3 yilni tashkil etadi. Unda boks, dzyudo, yengil atletika, og‘ir atletika, erkin kurash, yunon-rum kurashi, taekvondo WT, suzish, akademik eshkak eshish, baydarka va kanoeda eshkak eshish, gandbol, basketbol va paralimpiya sport turlari bo‘yicha malakali kadrlar tayyorlanadi.