Samarqandda “opiy” giyohvandlik moddasini sotayotgan guruhning faoliyatiga chek qo‘yildi
22 mart kuni Samarqand viloyati IIB giyohvandlik vositalari bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan “nazorat tartibida giyohvandlik vositasini sotib olish” tezkor tadbiri davomida Urgut tumani, Terak mahallasida yashovchi fuqaro M.Sh. nazoratli xaridorga 2.700.000 so‘m pul evaziga 10 gramm “opiy” giyohvandlik vositasini sotgan vaqtida jinoyat ustida qo‘lga olingan.
Mazkur holat yuzasidan fuqaro M.Sh. bilan olib borilgan tezkor surishtiruv harakatlari davomida mazkur giyohvandlik moddasini tog‘asi - Urgut tumani, Chumchuqli mahallasida yashovchi fuqaro A.Jdan olganligini ma’lum qilgan.
Holat yuzasidan olib borilgan tezkor surishtiruv harakatlari natijasida A.J. ushlanib, shaxsiy tintuv qilinganida o‘ng oyog‘i paypog‘i ichidan taxminan og‘irligi 1,51 gramm “opiy” giyohvandlik moddasi topildi, A.J. ushbu “opiy” moddasini qayerdan olganligi bo‘yicha so‘ralganda, mazkur giyohvandlik vositasini Urgut tumani, Chep mahallasida yashovchi Bobur ismli shaxsdan olganligini bildirgan.
Tadbir davomida M.Sh. bilan birga 10 gramm “opiy” moddasini olib kelgan sherigi Urgut tumani, Chumchuqli mahallasida yashovchi M.U. bilan birgalikda kelishib 10 gramm “opiy” giyohvandlik moddasidan olingan pullarni teng taqsimlashga kelishib kelganligi aniqlangan.
Bundan tashqari, tadbir davomida ushlangan M.U.ni tanishi bo‘lgan Urgut tumani, Terak mahallasida yashovchi P.M.dan telefon orqali “opiy” giyohvandlik moddasini topib berishini so‘raganida, uning oldiga borishligini aytgan vaqtida ushlanib, xolislar ishtirokida shaxsiy tintuv qilinganida, sport kiyimining chap cho‘ntagidan 2 dona sellofan paketida to‘q jigar rangli, o‘ziga xos hidli taxminan og‘irligi 0,94 gramm “opiy” giyohvandlik moddasi topilib, tegishli tartibda hujjatlashtirib olindi.
Tadbir davomida P.M. bilan olib borilgan surishtiruv ishlari davomida u ushbu “opiy” moddasini Urgut tumani Chumchuqli mahallasida yashovchi Ibrohim ismli shaxsdan olganligini ma’lum qilgan.
Olib borilgan tezkor surishtiruv harakatlari natijasida Islom ismli shaxs aslida Urgut tumani Chumchuqli mahallasida yashovchi U.I. ekanligi aniqlanib, 2021 yil 24 mart kuni uning yashash uyi va yordamchi xo‘jaliklari tintuv o‘tkazilganda, uyning chordog‘ida bo‘lgan qishki oyoq kiyim ichiga solingan taxminan og‘irligi 20 gramm “opiy” giyohvandlik moddasiga o‘xshash modda va yashash uyi oshxonasidan ko‘knor o‘simligiga o‘xshash giyohvandlik vositalari topilib, tegishli tartibda hujjatlashtirilgan.
Mazkur holat yuzasidan Samarqand shahar IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Bu haqda IIV giyohvandlik vositalari bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishga qarshi kurashish boshqarmasi xabar berdi.