Samarqandda o‘tkaziladigan UNWTO Bosh assambleyasining 25-yubiley sessiyasi doirasida qanday anjumanlar bo‘lib o‘tadi?
16-20 oktyabr kunlari Samarqand shahrida Birlashgan millatlar tashkilotining Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh assambleyasining 25-yubiley sessiyasi o‘tkazilishi kutilmoqda.
Tadbir 160 ga yaqin davlatdan turizm yo‘nalishida faoliyat yurituvchi davlat idoralari rahbarlari, xalqaro tashkilotlar va turistik biznes vakillarini birlashtiradi. Hozircha ushbu yirik anjumanda Saudiya Arabistoni, Albaniya, Ozarbayjon, Bagama orollari, Bahrayn, Gvatemala, Gaiti, Kot-d’Ivuar, Indoneziya, Monako, Niger, Panama, Portugaliya, Serra Leone, Ukraina, Urugvay, Yaman kabi mamlakatlarning turizm idoralari rahbarlari Samarqandga kelishi kutilmoqda.
Mazkur yirik anjumanda
Investitsiya forumi;
Bosh assambleya yalpi majlisi;
Ta’lim forumi;
69-Yevropa mintaqaviy komissiya yig‘ilishi;
Turizm va barqaror rivojlanish qo‘mitasi;
Statistika qo‘mitasi, affillangan a’zolar, turizm va raqobatbardoshlik qo‘mitasi yig‘ilishlari;
Ijroiya kengashining 119-sessiyasi;
Hamkor a’zolar uchrashuvi;
BTV (Eng yaxshi turizm qishlog‘i) yig‘ilishi;
Ijroiya kengashining 120-sessiyasi kabi yirik anjumanlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Xususan, Xalqaro ta’lim forumi doirasida “Global Forum on Education: The Foundation of Building Tourism” kengashi bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
Xalqaro ta’lim forumi UNWTO Bosh assambleyasining asosiy forumlaridan bo‘lib, u dunyoning 30 dan ortiq mamlakatidan turizm sohasida faoliyat yurituvchi 1200 dan ortiq mahalliy va xorijiy mutaxassis va ekspertlar ishtirok etishi ko‘zda tutilgan. Ular ta’lim, fan va turizm sohasidagi innovatsiyalarga doir dolzarb masalalarni muhokama qilishadi.
Forum doirasida turizm va ta’lim sohasidagi yutuq va tashabuslarni qo‘llab-quvvatlovchi “Ulysses Awards UNWTO” mukofotlash marosimi o‘tkaziladi.