Samarqandda o‘tkazilgan saylov natijalari e’lon qilindi

Xalqaro matbuot markazi viloyat bo‘limida saylov natijalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Unda viloyat saylov komissiyasi raisi S.Nuriyev ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, saylovlarda viloyatimizdan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga 16 nafar, xalq deputatlari viloyat kengashiga 60 nafar, shahar va tumanlar kengashlariga 480 nafar deputatlar saylab olinishi kerak edi.

Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatligiga nomzod sifatida ro‘yxatga olinganlarning 7 nafari o‘z arizasiga binoan nomzodlar ro‘yxatidan chiqarildi.

22 dekabr kuni shahar va tumanlarda ro‘yxatga olingan 2 047 353 nafar saylovchidan 1 million 527 ming nafari o‘zlari tanlagan nomzodlarga ovoz berdi. Bu ko‘rsatkich ro‘yxatga olingan saylovchilarning 74,6 foizini tashkil etdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga saylov o‘tkazuvchi 16 ta saylov okrugidan 14 tasida nomzodlar saylangan.

Jumladan:

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasidan – 5 nafar

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan – 4 nafar

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan – 3 nafar

O‘zbekiston “Adolat” sotsial demokratik partiyasidan – 1 nafar

O‘zbekiston Ekologik partiyasidan – 1 nafar nomzod Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga saylandi.

2 ta saylov okrugida hech bir nomzod 50 foizdan ko‘p ovoz to‘play olmaganligi sababli takroriy ovoz berish o‘tkaziladi.

Xalq deputatlari viloyat kengashiga saylov o‘tkazuvchi 60 ta saylov okrugidan 56 tasida nomzodlar saylangan.

Jumladan:

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasidan – 14 nafar

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan – 12 nafar

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasildan – 11 nafar

O‘zbekiston “Adolat” sotsial demokratik partiyasidan – 10 nafar

O‘zbekiston Ekologik partiyasidan – 9 nafar nomzod xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatligiga saylangan.

4 ta - 1-Bog‘ibaland, 5-Sartepa, 22-Jo‘sh, 50-Do‘stlik saylov okruglarida nomzodlar 50 foizdan ko‘p ovoz to‘play olmaganligi sababli takroriy saylov o‘tkaziladigan bo‘ldi.

Bo‘lib o‘tgan saylov jarayonlarida jiddiy qonun buzilish holatlari kuzatilmadi. Kuzatilgan 2 ta qonun buzilish holatlari hamda “Zarnews.uz" telegram kanali orqali e’lon qilingan Samarqand tumanidagi 851-saylov uchastkasida saylov qonunchiligiga zid xatti-harakat sifatida baholangan videolavhadagi holat viloyat prokuraturasi tomonidan tekshirilmoqda.