Samarqandda O‘zbekiston-Turkiya ikkinchi ta’lim forumi bo‘lib o‘tmoqda
Samarqand shahrida O‘zbekiston-Turkiya ikkinchi ta’lim forumi o‘z ishini boshladi. Uni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari, Oliy ta’lim kengashi raisi Odil Abdurahmonov, Turkiya Oliy ta’lim kengashi raisi Erol O‘zvar va Turkiyaning O‘zbekistondagi elchisi Olgan Bekar ochib berishdi.
- O‘zbekiston-Turkiya ikkinchi ta’lim forumi mamlakatlarimiz va turk davlatlari o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi, deb umid qilaman, - dedi Turkiya Oliy ta’lim kengashi raisi Erol O‘zvar. - O‘tgan yili Oliy ta’lim kengashi raisligimiz koordinatsiyasida Turkiya-O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari forumining birinchisini Izmirda o‘tkazgan edik. Bu yil forumning ikkinchisi umum sivilizatsiyamizning qadimiy shahri Samarqandda tashkil etmoqdamiz. Turkiya va O‘zbekiston universitetlari ishtirokida yuqori saviyada o‘tkazgan mazkur oliy ta’lim forumi mustahkam tarixiy rishtalarga ega ikki qardosh mamlakat oliy ta’lim muassasalari, ilmiy xodimlari va xalqlari uchun nihoyatda muhim, deb o‘ylayman.
2001 yildan beri oliy ta’limda Boloniya jarayoniga a’zo bo‘lgan Turkiya ro‘yxatdan o‘tgan talaba soni bo‘yicha Yevropa oliy ta’lim hududida birinchi o‘rinni egallaydi, talabalar soni 7 milliondan oshadi. YuNESKO ma’lumotlariga ko‘ra, biz dunyodagi eng ko‘p xalqaro talabalar soni bo‘lgan 10 ta davlat qatoriga kirdik, universitetlarimizda 194 mamlakatdan 340 mingdan ortiq xalqaro talabalar tahsil olmoqda.
Bugungi tadbirda Turkiya oliy ta’lim kengashi rahbariyati, 40 dan ortiq Turkiyaning nufuzli oliygohlari rektor va prorektorlari hamda 50 dan ortiq O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari rektorlari ishtirok etmoqda.
Forumda ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida xalqaro hamkorlik bitimlari, anglashinuv memorandumlari imzolanishi kutilmoqda.