Samarqandda o‘zini tadbirkor va blogerman deb IIB xodimlarining xizmatiga xalal bergan shaxs 15 sutkaga qamaldi

2020 yilning 15 aprel kuni soat 10.00 lar atrofida Samarqand shahrining Mirzo Ulug‘bek va Mahmud Koshg‘ariy ko‘chalari kesishmasida xizmat olib borayotgan Samarqand viloyati IIB YHXB xodimlari hamda sohaviy xizmat vakillari tomonidan 30 D 409 RA  davlat raqam belgili, “Neksiya” rusumli avtomashina to‘xtatilib hujjatlar so‘ralganda, haydovchining yonida o‘tirgan yo‘lovchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘ziga tegishli bo‘lgan qo‘l telefonida “Men falon joyda direktorman, blogerman” deb YPX xodimining xizmat vazifasini olib borishga xalaqit bergan.

Shuning barobarida u avtomashinadan tushib, qo‘l telefoni orqali tasvirga tushirib, “hali kerakli joyda javob berasanlar, men senlar bilan sudda gaplashaman” deb ularga dag‘-dag‘a qilgan.

Ushbu holat yuzasidan karantin qoidalarini buzgan transport vositasi haydovchisiga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, avtomashina jarima maydonchasiga joylashtirildi.

Xodimlarning xizmat vazifasini bajarishga faol qarshilik ko‘rsatgan va Davlat xizmatchilarini tasvirga tushirib, haqorat qilgan haydovchining yonidagi fuqaroga nisbatan barcha hujjatlar to‘planib, Samarqand shahar ma’muriy sudiga jo‘natilgan.

O‘zini “blogerman” deb tanishtirgan ushbu shaxsga O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 194-moddasi 1-qismi, 195-moddasiga asosan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Bu haqda Samarqand viloyati IIB axborot xizmati xabar berdi.