Samarqandda psixologlar forumi o‘tkazildi
«Ipak yo‘li» turizm va madaniy meros xalqaro universitetida «Psixologik innovatsion g‘oyalar» mavzusida psixologlar forumi bo‘lib o‘tdi.
Forum psixologiya sohasiga yangi kirib kelayotgan yosh kadrlarga yo‘l xaritasini belgilab berish hamda ularni psixologiya rivoji uchun amalga oshirilayotgan islohotlardan xabardor qilish, viloyat psixologlarining o‘zaro tajriba almashishiga sharoit yaratish maqsadida tashkil etildi. Unda mutaxassislar tomonidan nosog‘lom muhitda tarbiya topayotgan bolalarning ota-onalari bilan ishlash, pedagogik faoliyatda konflektning kelib chiqishi va uni boshqarish, voyaga yetmaganlarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish kabi mavzularda ma’ruzalar o‘qildi.
- 2018 yildan boshlab ishlab chiqilgan ta’lim sohasiga tegishli barcha qarorlarda psixologik xizmatning muhim vazifalarining aks etishi ushbu sohaga qaratilayotgan e’tiborning yuqori ekanligining ifodasi, - deydi O‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish psixologik-pedagogik respublika tashxis markazi direktori Lilya Gaynuddinova. – Ta’lim muassaslarida psixolog shtati sonini hamda ularning oylik maoshini oshirish, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 823-sonli qaroriga asosan ilg‘or tajribaga ega, faoliyati davomida yuqori natijalarga erishgan psixologlarga direktorlar jamg‘armasidan 20 foizgacha ustamalar berilishi belgilangan. Biz psixologlarning malaka oshirish tizimini rivojlantirish orqali xalqaro toifadagi mustaxassislar tayyorlashni rejalashtirganmiz.
Tadbir doirasida o‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish va psixologik-pedagogik respublika tashxis markazi tomonidan amalga oshirilgan ishlari to‘g‘risida videoroliklar, milliy kuy-qo‘shiq va raqslar namoyish etildi.
Sohada faollik ko‘rsatgan psixologlar taqdirlandi.
Jasurbek Shukurov.