Samarqandda QQS to‘lovchi 7140 tadbirkorlik sub’yektining 5058 tasi elektron hisobvaraq-fakturalardan foydalanadi

O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 47-moddasi va Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 25 iyundagi “O‘zaro hisob-kitoblar tizimida elektron shakldagi hisobvaraq-fakturalardan foydalanishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan joriy yilning 1 yanvaridan boshlab barcha xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar uchun hisobvaraq-fakturalarni elektron shaklda rasmiylashtirish, saqlash va hisobini yuritish tizimini majburiy tartibda joriy etish tartibi belgilangan.
Bugungi kunda Samarqand viloyatida qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan 7140 ta sub’yektdan 5058 tasi elektron hisobvaraq-fakturalardan foydalanmoqda.
– Ta’kidlash lozimki, koronavirus pandemiyasi tufayli e’lon qilingan karantin sharoitida elektron hisobvaraq-fakturalar tadbirkorlik sub’yektlariga juda qo‘l kelmoqda, – deydi “Golden caramel food group” mas’uliyati cheklangan jamiyati bosh hisobchisi Sherali Xakimov. – Elektron hisobvaraq-fakturalardan foydalanish hisobiga transport xarajatlari, vaqt tejalmoqda. Ilgari qog‘oz shaklidagi hisobvaraq-fakturani xaridorga transport vositasida yetkazardik va bunga ancha vaqt ham sarflardik. Bugungi kunda esa elektron hisobvaraq-fakturalar yumushimizni yengillashtirganini alohida qayd etmoqchiman. Ushbu tizimning yana bir afzalligi shundaki, qo‘shilgan qiymat solig‘i hisobotining kirim va chiqim fakturalari avtomatlashtirilgan holda shakllantirilib to‘ldirilmoqda.
Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi matbuot xizmati.