Samarqandda qurilish bilan bog‘liq qancha qonunbuzilish holatlari kuzatilgan?
O‘tgan yili viloyatda Investitsiya va “Obod qishloq” dasturlariga kiritilgan ob’yektlar qurilishi bo‘yicha 2449 ta ob’yekt ro‘yxatga olingan.
Mazkur ob’yektlarda loyiha va zilzilabardoshlik talablariga muvofiqligi yuzasidan Samarqand viloyati qurilish nazorati inspeksiyasi tomonidan 2058 ta tekshirish o‘tkazilib, aniqlangan kamchiliklar yuzasidan 1169 ta yozma ko‘rsatmalar berilgan.
Inspeksiya tomonidan shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzgan buyurtmachi-pudratchi korxona va tashkilotlar mansabdor shaxslariga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 99-moddasida belgilangan javobgarlik masalasini hal etish bo‘yicha 23 ta hujjatlar to‘plami tegishli sud organlariga yuborilgan.
Ob’yektlar qurilishidagi aniqlangan 107,5 million so‘m hajmdagi sifatsiz ishlarni chegirish dalolatnomalari tuzilgan va ish hajmlaridan qaytarilishi to‘g‘risida buyurtmachi-pudratchilarga ko‘rsatmalar berilgan.
Bundan tashqari, 2019 yilda viloyatda shaharsozlik sohasida qurilishga ruxsat beruvchi hujjatlar to‘liq rasmiylashtirilmasdan, shaharsozlik normalari va qoidalari talablari buzilgan holda amalga oshirilayotgan bir qator qurilish ishlari aniqlangan. Ushbu ishlar bo‘yicha tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilib, vakolat doirasida noqonuniy qurilish ishlarini bartaraf etish uchun tuman (shahar) hokimliklariga yuborilgan.
Jumladan, Samarqand shahrida aniqlangan 8 ta noqonuniy qurilish ishlari bo‘yicha mansabdor shaxslarga nisbatan ma’muriy javobgarlik masalasini hal etish bo‘yicha hujjatlar to‘plami tegishli sud organlariga yuborilgan.
Shuningdek, inspeksiya qoshidagi laboratoriyada qurilish sinov-tahlillarini o‘tkazish uchun 344 ta buyurtmachi-pudratchi tashkilotlar bilan tuzilgan shartnomalar asosida 967 million so‘mlik, bino va inshootlarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha 103 million so‘mlik xizmatlar ko‘rsatilgan.
Davlat xizmatlari ko‘rsatish markazi orqali qurilishi tugallangan ob’yektlarni qabul qilish va foydalanishga topshirish yuzasidan jismoniy va yuridik shaxslardan tushgan 2713 ta arizalar ko‘rib chiqilgan. Qurilishga ruxsatnoma (xabardor etish) berish orqali 968 ta arizalar ko‘rib chiqilib, 903 ta qurilishga ruxsatnomalar berilgan.
Shokir ILMURATOV,
Samarqand viloyati qurilish nazorati inspeksiyasi boshlig‘i.