Samarqandlik tadbirkor Umar qurgan uylar qonuniymi?
Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahar “Afrosiyob” mahallasi, Dahbed ko‘chasi 14- “A” manzilda qurilgan uylar buzilmoqda, degan mazmunda videolavha e’lon qilingandi. Ushbu videolavhada keltirilgan vajlarning ayrimlari yuzasidan fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyat sudi rasmiy munosabat bildirgan. Unda quyidagilar bayon qilingan:
Samarqand shahar “Afrosiyob” mahallasi, Dahbed ko‘chasi, 14- “A” manzilda joylashgan qurilish osti maydoni 821,15 metr kvadrat bo‘lgan 42 ta xonadan va 1 ta mansartdan iborat ko‘p qavatli uy-joy binosi Samarqand shahar hokimining 2017 yil 23 martdagi 402-Q-sonli qaroriga asosan 2017 yil 10 iyulda 334/177-son bilan "Afrosiyob Xosiyat Begim Makoni" mas’uliyati cheklangan jamiyati nomiga davlat kadastri ro‘yxatiga olingan.
"Afrosiyob Xosiyat Begim Makoni" MChJ tomonidan shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablari buzilib, xususan Samarqand shahar hokimining qarorisiz, viloyat arxitektura-shaharsozlik kengashi xulosasini rasmiylashtirmasdan, viloyat davlat arxitektura qurilish nazorat inspeksiyasidan ro‘yxatdan o‘tkazmasdan va qurilish-montaj ishlarini boshlashga ruxsatnoma olmasdan ko‘p qavatli turar joy binosini qurayotganligi aniqlangan.
Samarqand shahar, Dahbed ko‘chasida joylashgan "Samarqand bank kolleji"ga tegishli sport maydonchasini o‘zboshimchalik bilan buzib bank kolleji foydalanishida bo‘lgan, jami 5600 metr kvadrat yer maydonini noqonuniy ravishda egallab olgan.
Mazkur noqonuniy qurilishlarning bir qismi ushbu hududda joylashgan ko‘p qavatli turar-joy binosining umumiy foydalanishdagi yer maydonida noqonuniy ravishda, o‘zboshimchalik bilan shaharsozlik normalariga zid ravishda oraliq masofa saqlanmagan xolda qurilish-montaj ishlari amalga oshirilgan.
Samarqand shahar, Dahbed ko‘chasi, 14-“A” manzilda "Afrosiyob Xosiyat Begim Makoni" mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan maydoni 4471 metr kvadrat bo‘lgan 5 ta to‘qqiz qavatli, mansartli, yerto‘lasi ikki qavatli turar-joy binosi va maydoni 1282,04 metr kvadrat bo‘lgan yerto‘lasi, ikki qavatli ayvon binosi hamda maydoni 3550 metr kvadrat bo‘lgan ikki qavatli yerto‘la binolarida qurilish ishlari bo‘lib, ushbu bino va inshootlar davlat kadastri ro‘yxatiga olinmaganligi ko‘rsatilgan.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi Madaniy meros ob’yektlarini himoya qilish va ulardan foydalanish ilmiy ishlab chiqarish bosh boshqarmasining Samarqand va Jizzax viloyatlari bo‘yicha mintaqalararo davlat inspeksiyasining ma’lumotnomalarida Samarqand shahrining tarixiy markazi 1982 yilda boshlab muzey qo‘riqxonasi deb e’lon qilinganligini, 2001 yildan boshlab ushbu hudud "Samarqand madaniyatlar chorrahasi" nominatsiyasi bilan YuNESKOning Butunjahon madaniy meros ob’yektlarini muhofaza qilish ro‘yxatiga kiritgan ob’yektining “bufer zonasida” qurilayotganligi va ushbu qurilish Afrosiyob qal’asidan boshlab, shaharning ko‘p joylaridan, o‘zini balandligini namoyish etib, qo‘riqxona hududiga ma’lum darajada zarar yetkazilayotganligi ko‘rsatib o‘tilgan.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining 2018 yil 27 iyuldagi hal qiluv qarori bilan da’vogarlar - Samarqand shahar hokimligi va Samarqand shahar prokurorining javobgar "Afrosiyob Xosiyat Begim Makoni" mas’uliyati cheklangan jamiyatiga nisbatan noqonuniy qurilgan qurilishlarni buzish, javobgar va boshqalarni noqonuniy egallab olingan yer maydonidan chiqarish hamda yer maydonini davlat egaligiga qaytarish to‘g‘risidagi da’vo talablari qanoatlantirilgan.
Ya’ni, Samarqand shahar, Dahbet ko‘chasi, 14-“A” manzilda qurilish ishlari (ko‘p qavatli bino) javobgar "Afrosiyob Xosiyat Begim Makoni" mas’uliyati cheklangan jamiyati hisobidan buzdirilishi belgilangan.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining 2018 yil 27 iyuldagi hal qiluv qarori bugungi kunda qonuniy kuchda ekanligi ma’lum qilinadi.
B.NOROV,
fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyat
sudi raisi v.b.