Samarqandda noqonuniy qurilayotgan imorat "srochno" sotuvga qo‘yildi
Odamlar kimga ishonishi kerak: davlat xizmatchilari hamda vakillargami yoki uddaburon quruvchilargami?
Xabaringiz bor, mazkur saytda "Yolg‘on ustiga qurilayotgan imorat" nomli maqola e’lon qilingan edi.
Viloyat qurilish bosh boshqarmasi axborot xizmati bu maqolaga "O‘zboshimchalik bilan olib borilayotgan qurilish to‘xtatildi" deb javob berdi.
Bu mavzuga uchinchi bor qaytishimizga sabab bor. Negaki, aholi tomonidan qurilish yana davom etayotgani, derazalar qo‘yilib, usti yopilayotgani haqida murojaat bo‘ldi.
Unda bildirilishicha, mojaroli, necha bor "qurilishi to‘xtatildi" deb ma’lumot berilgan uy "srochno sotiladi" degan e’lonlar paydo bo‘lgan.
Samarqand shahridan uy olish istagida bo‘lgan fuqarolarimiz ushbu e’lonlar orqali umid bilan uy olishsa, bu noqonuniy uy atrofidagi mojarolar yanada avj olmaydimi? Muammo yanada chuqurlashib ketmaydimi? Endi kimning javobiga ishonish kerak?
Xalqimizning hayotiy talab va ehtiyojlarini ta’minlash, odamlarimizni rozi qilish yo‘lida zalvorli ishlar amalga oshirilib, toboro yangi ma’no va mazmun kasb etib borayotgan bugungi muhim jarayonlarda aholi murojaatiga, deputat so‘roviga shunday munosabatda bo‘lish mumkinmi?
Davlatimiz rahbari "Insonlarning dardu tashvishlarini o‘ylab yashash -odamiylikning eng oliy mezonidir" degan gaplarini shu elga daxldor har qanday kishi o‘zi uchun xulosa chiqarib olishi kerak.
Badriddin Nasriyev,
xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati.