Samarqandda saylovga tayyorgarlik jarayonlari kuzatildi
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev Samarqand viloyatida bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari deputatlari saylovlariga tayyorgarlik doirasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Dastlab Markaziy saylov komissiyasi raisi Samarqand shahridagi 73-saylov uchastkasida komissiya a’zolari va saylovchilar uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Komissiya a’zolari bilan suhbatlashdi.
1073 nafar saylovchi ovoz beradigan mazkur uchastkada ayni paytda saylovga tayyorgarlik ishlari qizg‘in olib borilmoqda. Uchastkada saylovga oid ma’lumotlar, deputatlikka nomzodlar tarjimai holi va dasturi joylashtirilgan, barcha zarur jihozlar yetkazib berilgan.
Shundan so‘ng Z.Nizomxo‘jayev Samarqand shahridagi uchastka saylov komissiyalari a’zolari uchun tashkil etilgan seminarda qatnashdi. O‘quv seminar ishtirokchilariga bu yilgi saylovlarning o‘ziga xos xususiyatlari haqida tushuncha berdi. Yangilangan Konstitutsiyamizda mustahkamlab qo‘yilgan kuchli parlamentarizm va mahalliy vakillik organlarining vakolatlari sezilarli darajada kuchaytirilganini qayd etdi. Shuningdek, siyosiy jarayonlar ishtirokchilari uchun joriy qilingan “E-saylov” axborot tizimi, uning afzalliklariga to‘xtaldi.
Markaziy saylov komissiyasi raisi Samarqand viloyat hududiy saylov komissiyasi faoliyati bilan ham tanishib, komissiya a’zolari bilan muloqot qildi.
Suhbat davomida bu yil parlament quyi palatasiga ilk bor aralash saylov tizimi asosida saylov o‘tkazilayotgani, saylovga oid qonunchilik takomilashtirilgani va buning samaralari haqida so‘z yuritildi. Shuningdek, saylov kampaniyasi hal qiluvchi pallaga kirayotgani qayd etilib, 16 oktyabrdan boshlanadigan muddatidan oldin ovoz berish jarayonlarini qonunchilikda belgilangan talablar asosida tashkil etish va o‘tkazish, saylovchilar ro‘yxatlarni e’lon qilish va boshqa muhim masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Viloyat hududiy saylov komissiyasi a’zolari saylov kampaniyasi jarayonlaridan kelib chiqib, o‘z taklif va mulohazalarini bildirdilar.
Viloyat hududiy saylov komissiyasi matbuot markazi