Samarqandda shaxmat maktabi qachon ochiladi?
Shaxmat donalari ilk marta Hindiston hududlaridan topilganligi bois shaxmatning asl vatani Hindiston deyiladi. Ammo Surxondaryodagi Dalvarzintepa, Samarqanddagi qadimiy Afrosiyob tepaliklaridan shaxmat donalariga o‘xshash shatranjlar topilgan. Bundan ko‘rinadiki, shaxmat o‘yini qadimdan O‘zbekistonga yaqin hududlarda ham rivojlangan.
Keyingi yillarda shaxmat bo‘yicha ketma-ket jahon chempionatlari mezbonligi aynan Markaziy Osiyo mamlakatlariga, xususan, o‘tgan yili O‘zbekistonga topshirildi. Buning asosiy sabablaridan biri Markaziy Osiyoda shaxmatchilarning yangi avlodi yetishib chiqyapti. Buni mamlakatimiz misolida ham ko‘rish mumkin. Jumladan, 2022 yil Hindistonning Chennay shahrida 44-Butunjahon shaxmat olimpiadasida O‘zbekiston terma jamoasi mamlakat tarixida birinchi marta shaxmat olimpiadasida oltin medalni qo‘lga kiritdi. O‘tgan yil samarqandlik 14 yoshli Afruza Hamdamova Italiyada o‘tkazilgan yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida O‘zbekiston tarixida qizlar o‘rtasida ilk jahon chempioni bo‘ldi. Yosh grossmeystr Nodirbek Abdusattorov joriy yil jahonning eng yaxshi to‘rtinchi raqamli shaxmatchisiga aylandi.
Albatta, erishilayotgan yutuqlar mamlakatimizda shaxmatni rivojlantirish uchun berilayotgan e’tibor natijasi. Yurtimizda ushbu sport bilan shug‘ullanuvchi yoshlar soni yildan yilga ortib boryapti. Ammo ayrim hududlarda alohida shaxmat maktabi va markazlari tashkil qilinmagan. Jumladan, Samarqandda 7 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar 1,5 milliondan ziyodni tashkil etadi, lekin viloyatda shaxmat maktabi yo‘q.
Viloyat sport boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, sport ta’lim muassasalarining 19 tasida shaxmat va 2 tasida para shaxmat bo‘limi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularda 110 dan ortiq shaxmat guruhi tashkil etilgan bo‘lib, bor-yo‘g‘i 1000 nafardan ziyod yoshlar shug‘ullanar ekan. O‘zbekiston terma jamoasiga esa 9 nafar shaxmatchi qabul qilingan, xolos. Bu raqamlardan ko‘rinib turibdiki, viloyatda shaxmatga qiziquvchi yoshlar shaxmat bo‘limlariga to‘liq qamrab olinmagan. Viloyatimizdan Shuhrat Safin, Tohir Vohidov, Jahongir Vohidov, Ibrohim Hamroqulov, Jo‘rabek Hamroqulov, Aleksey Barsov va Marat Jumayev kabi grossmeystrlar yetishib chiqqan. Lekin haligacha ularning nomi bilan ataluvchi shaxmat maktablari tashkil etilmagan.
Viloyatda shaxmatni rivojlantirish uchun qanday ishlar qilinishi kerakligi va mummolarga yechim topish xususida viloyat shaxmat federatsiyasi o‘rinbosari, xalqaro toifadagi grossmeyster Tohir Vohidovning fikrlarini so‘radik.
- Shaxmat bo‘yicha O‘zbekistonning birinchi chempionati 1930 yilda Samarqandda o‘tkazilgan va shaharda 1973 yil oxirlarida ish boshlagan shaxmat maktabi respublikada yagona bo‘lgan, - deydi T.Vohidov. – Mustaqillikkacha va undan keyingi yillarda ham shaxmat maktablari bor edi. Keyinchalik shaxmat maktablari tugatilib, hududlardagi sport maktablari qoshida shaxmat bo‘limlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Keyingi paytda shaxmat bilan shug‘ullanuvchilar soni ko‘paymoqda. Oldin tuman va viloyat chempionatlarida 100-200 nafar kishi qatnashgan bo‘lsa, hozir har bir hududda undan ham ko‘p shaxmatga qiziquvchilar bor. To‘g‘ri, keyingi paytda yoshlar o‘rtasida DXX, prokuror kubogi va “Rokirovka” turnirlari tashkil etilib, musobaqalarga jalb qilinyapti. Ammo viloyatda shaxmatga qiziquvchi yoshlarning muntazam shug‘ullanishini ta’minlash uchun avvalo viloyatda shaxmat markazi va maktabi tashkil qilish kerak.
Keyingi uch yilda yurtimizda shaxmatni rivojlantirish maqsadida davlatimiz rahbarining uchta qarori qabul qilindi. Xususan, Prezidentning 2021 yil 14 yanvardagi “Shaxmatni yanada rivojlantirish va ommaviylashtirish hamda shaxmatchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, davlat-xususiy sheriklik asosida 2025 yilgacha shaxmat maktablari va klublari faoliyatini yo‘lga qo‘yish, ta’lim muassasalarida shaxmat bo‘limlari va to‘garaklarini tashkil qilish belgilangan. Ammo Samarqandda haligacha shaxmat maktabi ochilmadi. 2026 yilda 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi Samarqand shahrida o‘tkaziladi. Tabiiyki, shahrimizga kelgan xorijlik shaxmatchi va mehmonlar hududning shaxmat bazasi, u yerda yaratilgan sharoitlarni ko‘rishni istaydi. Bizda esa hozircha bunday joy yo‘q.
Ikkinchidan, FIDE reytingli o‘ndan ortiq musobaqalarni o‘tkazish uchun homiy kerak. Bitta iqtidorli shaxmatchi yaxshi natijaga erishishi va o‘sishi uchun kamida 15 dan ortiq musobaqada ishtirok etishi talab etiladi. Buning hammasi esa homiy va mablag‘ bilan bog‘liq. Uchinchidan, hududlarda shaxmat klubi va bo‘limlarini ko‘paytirish, xususan, maktablarda to‘garaklar tashkil qilish va tajribali shaxmat murabbiylarini jalb qilish kerak. Afsuski hozir maktablarda shaxmat trenerlari emas, balki jismoniy tarbiya o‘qituvchilari biriktirilgan. Aytmoqchi bo‘lganim, ular orasida shaxmatni tushunmaydiganlari ham bor.
Mutaxassis fikridan ko‘rish mumkinki, viloyatda shaxmatni rivojlantirish uchun qilinishi kerak bo‘lgan ishlar talaygina. Lekin bu ishlar amalda qilinadimi-yo‘qmi, mas’ullar bu muammolarga qanchalik e’tibor qaratadi, buni vaqt ko‘rsatadi.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.