Samarqandda shu paytgacha 74 ming tonna paxta terib olindi
Joriy yilda 70 ming 414 gektar yerda g‘o‘za parvarishlagan Samarqand viloyatidagi 2152 fermer xo‘jaligi ayni paytda yig‘im-terim jarayonlariga kirishgan. Ular viloyatdagi 12 ta klaster korxonasiga 265 ming tonna paxta xom ashyosi yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolagan.
Samarqand viloyati fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi ma’lumotiga ko‘ra, mavsumni tez va qisqa fursatlarda o‘tkazish maqsadida 1577 ta terimchilar otryadi shakllantirilib, 126 ming nafar terimchi jalb qilingan. Jumladan, fermer xo‘jaliklari va klaster korxonalarining 40 ming nafar ishchilari hamda 86 ming nafar uyushmagan aholi yig‘im-terimda qatnashmoqda. Bu yilgi mavsumda qo‘lda terilgan bir kilogramm paxta xom ashyosi uchun hech bir ushlanmalarsiz 1500 so‘mdan pul to‘lanmoqda va terim pullari tijorat banklari tomonidan o‘z vaqtida yetkazilmoqda. Shuningdek, paxtachilik klaster korxonalari tomonidan 32 ta yuqori unumli paxta terish mashinalari mavsumga shay xolatga keltirilgan. Hosilni qabul manzillariga yetkazish uchun 1735 ta traktor va 2530 ta tirkamadan foydalanilmoqda. Shu paytgacha 757 ta fermer xo‘jaligining 30 ming 56 gektar maydonida yig‘im-terim ishlari boshlandi. 12 fermer xo‘jaligi birinchi terimdayoq gektaridan o‘rtacha 35 sentnerdan hosil olib, shartnomaviy rejani bajardi.
Yetishtirilgan hosilni o‘z vaqtida yig‘ishtirib olish va mavsumni betalofot o‘tkazish, terimchilarga qulay mehnat sharoiti yaratish hamda ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida mutasaddi tashkilotlar tomonidan nazorat o‘rnatilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungacha paxta qabul qilish maskanlariga 74 ming tonnadan ortiq, ya’ni rejadagi hosilning 27,9 foizi yetkazib berilgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 16 ming 526 tonnaga ko‘p demakdir.