Samarqandda sportni ommalashtirishda qilinayotgan ishlar talab darajasidami?
O‘tgan yil viloyatimiz sportchilari olimpiya o‘yinlari va xalqaro musobaqalarda yurtimiz sharafini munosib himoya qildi. Ularning keyingi musobaqalarga qanday tayyorgarlik ko‘rayotgani, umuman, viloyatda sport sohasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida viloyat turizm va sport boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Shuhrat RO‘ZIYeV bilan suhbatlashdik.
- Bugungi kunda viloyatda sportning 50 dan ortiq turi bilan 145 ming nafardan ortiq yoshlar muntazam shug‘ullanib keladi, - deydi Sh.Ro‘ziyev. - O‘zbekiston Milliy terma jamoasi tarkibidagi sportchilarning 10 foizini viloyat sportchilari tashkil qiladi. Xususan, 2021 yil O‘zbekiston Milliy terma jamoasining asosiy va zaxira tarkibiga 76 ta sport turi bo‘yicha 1168 nafar sportchi kiritilgan.
- O‘tgan yilning 9 dekabrida Bosh vazir raisligida videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda sport ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish, ommaviy sportni yanada rivojlantirish borasida topshiriqlar berilgandi. Shundan kelib chiqib, Samarqandda sportni ommalashtirish bo‘yicha qanday aniq chora-tadbirlar belgilandi?
- Yig‘ilishda asosiy masala aholining barcha qatlami o‘rtasida jismoniy tarbiya va sport tadbirlarini tizimli tashkil etish, yoshlarni sport to‘garaklariga jalb qilish hamda 2024 yil Parij shahri (Fransiya)da bo‘lib o‘tadigan 33-yozgi olimpiya va 17-paralimpiya o‘yinlariga sportchilarni kompleks tayyorlash vazifalari belgilab berildi.
Shundan kelib chiqib, avvalo, aholini piyoda va velosipedda yurishi uchun 105 kilometr “Salomatlik yo‘laklari”, 109,5 kilometr veloyo‘laklar qurilib foydalanishga topshirildi. Shuningdek, 33 ta badminton maydoni, 38 ta stritbol maydoni va 499 ta “Workout” maydonchalari (shundan 100 ta namunaviy, 399 ta qo‘lbola) qurildi.
Bundan tashqari, ta’lim muassasalari sport zallarida har kuni soat 16:00 dan 23:00 ga qadar yosh-u qarining jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishi uchun yetarli sharoit yaratildi.
Bugungi kunda viloyatda 5654 ta sport inshooti mavjud. Hozirda bu inshootlarda sportchilarimiz musobaqalarga tayyorgarlikni olib boryapti. Ayniqsa, 2024 yil Parij shahrida o‘tkaziladigan yozgi olimpiya o‘yinlariga 9 ta sport turi bo‘yicha 23 nafar sportchi, paralimpiya bo‘yicha 4 nafar sportchi tayyorgarlik ko‘rmoqda.
- Aynan o‘sha yig‘ilishdan keyin Toyloqdagi sport kolleji direktori ishdan olindi. Aytingchi, endi kollejda o‘zgarish bo‘ladimi?
- 10 dekabr kuni Toyloq olimpiya zaxiralari kollejining sobiq direktori Bahodir Berdiqulov ish jarayonida yo‘l kamchiliklari sababli vazifasidan ozod etildi. 30 dekabrda kollejga sportning dzyudo turi bo‘yicha xalqaro toifadagi sport ustasi, jahon chempioni, 2008 yil Xitoy (Pekin)da o‘tkazilgan yozgi olimpiya o‘yinlari ishtirokchisi O‘tkir Qurbonov tayinlandi.
O‘.Qurbonov faoliyatini boshlashi bilan kollejda o‘quvchi-sportchilarni ta’lim olishi uchun qulay sharoit yaratish kerakligini ma’lum qildi. Jumladan, kutubxonada kitob fondi boyitilishi, yotoqxonada o‘quvchi-sportchilar madaniy hordiq chiqarishi uchun shaxmat, shashka to‘garaklari tashkil etish, sport turlari bilan muntazam shug‘ullanish uchun sport zallarini tartibga keltirish, kiyinish, yuvinish xonalarida yetarlicha sharoit yaratish kerakligini bildirdi.
Bu muammolarni birgalikda bartaraf qilamiz. Muhimi, O‘tkir Qurbonov jamoani yangi natijalar, g‘alabalar sari ruhlantiryapti. Bunga erishish uchun zarur sharoitlarni yaratishga harakat qilyapti.
- Viloyatimizda sog‘lom turmush tarzini rivojlantirish maqsadida qilinayotgan ishlardan ko‘ngil to‘ladimi?
- Savolinigizga aniq misol bilan javob bersam. Joriy yilning 5 yanvaridan 5 fevraligacha viloyat turizm va sport boshqarmasi tashabbusi bilan aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, ularning jismoniy faolligi darajasini oshirish maqsadida “Sog‘lom hayot uchun har kun – 10 ming qadam!” shiori ostida yurish tadbirlari o‘tkazilishi belgilandi. Buning uchun viloyatning markaziy ko‘chalari, istirohat bog‘lari, stadionlar, mahalla va guzarlarda tashkil etilgan “Salomatlik yo‘laklari”da yurish tavsiya etildi.
Yurish tadbirlariga barcha shahar, tumanlar bo‘yicha 82 ming 519 nafar fuqaro qamrab olindi. Shu kungacha 86 ta tadbir tashkil etilgan bo‘lsa, fuqarolarning barchasi yurish marafonlari va badantarbiya mashg‘ulotlarida faol qatnashmoqda.
Bundan tashqari, Turizm va sport vazirligi 1hls.uz platformasida kuniga 10 ming qadam yurgan fuqarolarni rag‘batlantirishning yangi tizimini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, sutkasiga 10 ming qadam yurganlarni yanada ko‘proq rag‘batlantirish maqsadida har hafta quyidagi sovrinlar o‘ynaladi:
- 1 ta 100 million so‘m miqdorida pul mukofoti;
- 1000 ta velosiped.
Har hafta g‘oliblar “Sport” telekanalida jonli efirda tasodifiy tanlab olish mexanizmi orqali aniqlanadi.
Yangi rag‘batlantirish tizimi ishga tushgandan so‘ng 16 yanvardan boshlab kuniga 10 ming qadam yurganlarga 3 ming so‘m berish to‘xtatildi. Lekin 15 yanvargacha 1hls.uz platformasida 10 ming qadam yurgan barcha fuqarolarga pullar to‘liq to‘lab berilishi ma’lum qilindi.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV suhbatlashdi.