Samarqandda sudlar tomonidan 10 kishi aybsiz deb topilgan va oqlangan

Bu haqda viloyat sudlari tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytib o‘tildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudi raisi o‘rinbosari O‘tkir Mamadaliyevning aytishicha, jinoyat ishini ko‘rib chiqish avtomatik ravishda taqsimlanadi. Bunda inson omili rol o‘ynamaydi. Ya’ni, kompyuter sudlarning muayyan yuklamasidan kelib chiqib, kelib tushgan ishlarni qaysi sudya yuritishini belgilab boradi.

Sud raisi o‘rinbosari shuningdek, jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat, tuman va shahar sudlari tomonidan ko‘rib chiqilgan ishlar haqida ham aytib o‘tdi.

Xususan, joriy yilning birinchi yarmida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 872 ta kam yoki 1854 nafar shaxsga nisbatan 1449 ta (2018 yilga nisbatan 1083 ta kam) jinoyat ishlari ko‘rib tamomlangan. Shuningdek, 287 ta jinoyat ishi taraflarning yarashganliklari munosabati bilan tugatilib, 322 nafar shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod qilingan.

Bundan tashqari, 314 nafar shaxslar tayinlangan jazoni o‘tash muddatidan ilgari shartli va jazo yengilrog‘iga almashtirilib, 137 nafar shaxslar esa sud zalidan qamoqdan ozod qilingan.

Joriy yilning olti oyi davomida 9 ta jinoyat ishi bo‘yicha 10 nafar shaxslar oqlangan.