Samarqandda “Sulton Yildirim Boyazid va Amir Temur” mavzusida xalqaro simpozium o‘tkazilyapti

Bugun, 17 oktyabr kuni Samarqand davlat universiteti, Anqaraning Boyazid Yildirim, Bursaning Uludag‘ universitetlari hamkorligida “Sulton Yildirim Boyazid va Amir Temur” mavzusida xalqaro simpozium o‘z ishini boshladi.
- Xalqaro konferensiya Samarqand, Bursa va Anqara shaharlari tarixini Sulton Yildirim Boyazid va Amir Temur atrofida markazlashtirgan holda o‘rganish, Turkiya va O‘zbekistonda hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirishni maqsad qilgan, - deydi Turkiyaning Mersin universiteti dotsenti Tuba Tombulog‘lu. - Cimpozium orqali Anqara Yildirim Boyazid va Bursa Uludag‘ universitetlari O‘zbekistondagi nufuzli oliy ta’lim muassasalari va tadqiqot markazlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yadi. Ushbu aloqalar kelgusida ham samarali davom ettiriladi.
- Bugungi kunimizning dolzarb masalalaridan biri avlodlarga madaniy meros ob’yektlarini asrash, ularning tarixiy ahamiyatini kengroq ochib berishdir, - deydi Samarqand davlat universiteti tarix fakulteti dekani, professor Dilfuza Jo‘raqulova. - “Sulton Yildirim Boyazid va Amir Temur” xalqaro anjumanida ham bir qator ma’ruzalar bugungi kunda dolzarb hisoblangan masalalarni qamrab oladi. Ko‘rib o‘tilayotgan davrdagi arxeologik yodgorliklarning o‘rganilishi, shuningdek, Yildirim Boyazid va Amir Temur merosini raqamlashtirish masalalari shular jumlasidan.
Xalqaro simpozium ochilishida Samarqand shahar hokimi F.Umarov va Turkiyaning Bursa shahar hokimligi vakili Abdullah Cheli ishtirok etdi.
Simpozium ishi 26 oktyabrga qadar davom etadi.