Samarqandda suvdan qarzdorlik 21,5 milliard so‘mga yetgan

2025 yilning o‘tgan davrida viloyatdagi iste’molchilarga 127 milliard so‘mlik suv va oqova xizmatlari ko‘rsatilgan. Biroq hozirgi kunda yuridik shaxslarning qarzdorligi 6,6 milliard so‘mga yetgan bo‘lsa, aholining qarzdorligi salkam 14 milliard so‘mni tashkil etmoqda.

Yil sayin yerosti suv sathi 10-15 metrgacha pasayib ketmoqda, bu esa elektr energiyasi sarfini oshiradi, natijada suv yetkazib berish tariflari oshadi. O‘rtacha oladigan bo‘lsak, bir oyda iste’molchilarga 11 milliard so‘mlik suv yetkazib berilmoqda.

Samarqand shahrida jami 801 kilometr suv tarmog‘i bo‘lsa, uning 600 kilometr qismi eskirgan. Ko‘rsatilgan xizmat uchun vaqtida to‘lov qilinmasligi hisobiga tarmoqni yangilashda qiyinchiliklar yuzaga kelmoqda. 

“Samarqand suv ta’minoti” AJ Samarqand shahar filiali tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida shu kabi ma’lumotlar ochiqlandi.

- Samarqand shahrida 600 mingga yaqin aholi istiqomat qilsa, deyarli barcha aholi manzilgohlari toza ichimlik suvi bilan ta’minlangan, oqova suv xizmatlari ko‘rsatkichi esa 80 foizni tashkil etadi, - deydi “Samarqand suv ta’minoti” AJ direktori o‘rinbosari Akrom Siddiqov. – Shaharning ichimlik suv ta’minoti Zarafshon daryosi  yoqasida joylashgan Cho‘ponota va Dahbed kabi 13 ta suv inshootidan yerosti suv manbalari orqali ta’minlanadi va uch bosqichda nasos stansiyalari yordamida ko‘p qavatli uylargacha yetkaziladi. Idoraning shahar filiali Samarqand shahridagi 245 ta, Samarqand tumanidagi 30 ta va Past Darg‘om tumanidagi 6 ta mahallani toza ichimlik suvi bilan ta’minlaydi. Biroq xizmat sifatini oshirishdagi eng katta muammomiz to‘lovlarning kechikishi bo‘lib qolmoqda. Bunga yechim sifatida gaz va elektr energiyasi tizimidagi kabi onlayn hisoblagich o‘rnatish bo‘yicha respublikaga takliflar ham berdik. Biroq, dunyo tajribasida suv inson salomatligi bilan bog‘liq bo‘lganligi uchun to‘lov qilinmagan iste’molchini tarmoqdan uzish deyarli uchramas ekan. Shu bois, nazoratchilar har bir iste’molchining hisoblagichini tekshirib, ularga o‘z vaqtida to‘lovlarni amalga oshirish lozimligi haqida tushunchalar bermoqda.

O‘ktam Xudoyberdiyev.