Samarqandda temir yo‘lni belgilanmagan joydan kesib o‘tish bo‘yicha 1603 ta holat qayd etilgan

Mamlakatimiz, xususan, Samarqand viloyatida transport-kommunikatsiya tizimi jadal rivojlanishi bilan yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, jumladan, temir yo‘llarda xavfsizlikni ta’minlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Samarqand viloyati IIB transportda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi tomonidan aholi o‘rtasida transportda huquqbuzarlik profilaktikasi bo‘yicha ishlash bilan birgalikda temir yo‘llar, ularning avtomobil yo‘llari bilan kesishmasidagi texnik jihozlar sozligi, aholi manzillari oralab o‘tgan yo‘llar holati doimiy nazoratga olingan. Bu borada jamoatchilik o‘rtasida tushuntirish-targ‘ibot tadbirlariga alohida e’tibor qaratilmokda.

Xususan, har payshanba «Huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni», chorshanbada esa «Temir yo‘llarda xavfsiz kun» tadbirlari hamda temir yo‘l atrofida joylashgan mahallalarda «Xonadon» tadbirlari muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Amalga oshirilayotgan keng ko‘lamdagi profilaktik tadbirlarga qaramasdan, ba’zi fuqarolar qonun talablariga e’tiborsizlik bilan munosabatda bo‘lmoqda.

Masalan, 2019 yilda 1603 ta temir yo‘lni belgilanmagan joyidan kesib o‘tish bilan bog‘liq holat qayd etilgan. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 113-moddasida ko‘rsatilgan huquqbuzarlikni sodir etgan mazkur shaxslarga nisbatan tegishli choralar ko‘rildi. Shuningdek, 28 ta holatda poyezdga osilish bilan bog‘liq bayonnomalar rasmiylashtirilgan. Spirtli ichimlik iste’mol qilish jamoat joylarida ta’qiqlangan bo‘lsa-da, o‘tgan yili aynan shunday holatlar tufayli 27 kishiga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 187-moddasi bilan bayonnomalar tuzilgan.

Aytish mumkinki, bunday holatlar temir yo‘l tizimida harakat xavfsizligi talablarining ta’minlanishiga, davlat va jamiyat manfaatlari hamda fuqarolarning hayoti va sog‘ligiga tahdid solmoqda.

Shuning uchun xodimlarimiz tomonidan 4,5 mingdan ziyod temir yo‘l xavfsizligiga rioya qilish bo‘yicha eslatmalar tarqatildi. Bundan tashqari, mahallalar, korxona va tashkilotlar hamda ta’lim muassasalarida 600 dan ziyod profilaktik uchrashuvlar o‘tkazilgan.

Bularning barchasi turli baxtsiz hodisalarning oldini olish maqsadida tashkil qilingan. Shunga qaramasdan, ayrim muammo va kamchiliklar kuzatilganligi uchun hokimiyat, mahalla, korxona va tashkilotlarga 23 ta taqdimnomalar kiritilgan. Temir yo‘llarda harakatlanish qoidalarini buzgan bolalarning ota-onalari ham ogohlantirilmokda. Toki, berilgan umrdan oqilona foydalanish zarurligini, uning har onini qadrlab yashash kerakligini har birimiz unutmasligimiz kerak.

Aholi o‘rtasida transportda huquqbuzarlik profilaktikasi bo‘yicha ishlash bilan birgalikda temir yo‘llar, ularning avtomobil yo‘llari bilan kesishmasidagi texnik jihozlar sozligi, aholi manzillari oralab o‘tgan yo‘llar holati doimiy nazoratga olingan.

Nizomjon MAMATOV,

Samarqand viloyati IIB transportda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi XPB katta inspektori.