Samarqandda temuriylar davriga oid qanday eksponatlar saqlanmoqda?

Samarqand shahridagi O‘zbekiston madaniyati tarixi davlat muzeyi tarkibida 11 ta muzey, 3 ta tarixiy obida va 2 ta ko‘rgazma zali bor. Ularda viloyat bo‘yicha 240 mingga yaqin eksponat bo‘lib, ikki mingdan ziyod ashyo temuriylar davriga tegishli.

Jumladan, Samarqand davlat muzey qo‘riqxonasida Amir Temur maqbarasining o‘rganilishi tarixi va temuriylar davriga oid ekspozitsiya bo‘lib, unda 60 dan ortiq eksponat namoyish etilmoqda. Muzeydagi asosiy ashyolardan biri Amir Temur davrida zarb etilgan tangalar bo‘lib, unda Amir Temur ismi hamda Sohibqiron hokimiyatining ramzi bo‘lmish uchta aylana halqa aks ettirilgan. Shuningdek, archa daraxtidan yasalgan, Amir Temur maqbarasi xilxonasidagi qabrda turgan ikki metrlik tobut ham noyob eksponat hisoblanadi.

Amir Temur zarb qildirgan tangalar va Sohibqiron tobuti 

Temuriylar davriga oid ashyolarning aksariyati arxeologik va numizmatik eksponatlar, - deydi O‘zbekiston madaniyati tarixi davlat muzeyi tarix bo‘limi mudiri To‘lqin Bo‘riyev. -  Ulardan biri Amir Temur zarb qildirgan kumush tangalar bo‘lib, 1991 yilda Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarini bog‘lovchi Taxtiqoracha dovonidan topilgan. Hozirda 33 ta tangadan iborat kolleksiya muzey fondida saqlanadi. Shunga o‘xshash tangalar Ishtixon tumanidan ham topilgan. Tobut esa 1941 yilda Amir Temur maqbarasidagi qabrlarni ochish ishlarida chiqarib olingan va qayta dafn etishga yaroqsiz bo‘lgani uchun qaytarib joyiga qo‘yilmagan. Tobut o‘tgan asrning 70-yillarida O‘zFA arxeologiya instituti olimi professor A.Abdurazzoqov rahbarligida restavratsiya qilingan va Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasiga topshirilgan. 1941 yilning 16-24 iyun kunlari hukumat ekspeditsiyasi tomonidan Amir Temur maqbarasidagi qabrlar birin-ketin ochiladi. 1941 yilning 24 iyunida Amir Temur maqbarasidagi qazishmalar yakunlanib, qabrlardan chiqarib olingan Amir Temur, Mironshoh, Shohruh, Ulug‘bek va Muhammad Sultonlarning suyaklari maxsus qutilarga joylanib, Toshkentga olib ketiladi. 1942 yilning oxirlariga kelib, Amir Temur maqbarasidan qazib olingan suyaklar ilmiy jihatdan o‘rganib bo‘lingach, qaytadan o‘z joylariga dafn etiladi. Lekin tobut bilan birga qabrlardan olingan ko‘pgina narsalar, gazlamalar, Mirzo Ulug‘bekning liboslari, marhumlarning mo‘miyolangan tana a’zolari, kafanlar, soch-soqollari qayta o‘z joyiga qo‘yilmagan, tobutning qopqog‘i va tobut ustiga yopilgan gazlama bo‘lagi ham Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi fondida saqlanmoqda. 


Amir Temur maqbarasi eshiklarining tabaqasi

Temuriylar davriga oid Amir Temur maqbarasi eshiklarining katta va kichik tabaqasi ham ekspozitsiyada namoyish etilmoqda. Shunga o‘xshagan eshikning bir tabaqasi Buyuk Britaniyadagi shahzoda Albert muzeyida, yana bir eshik tabaqasi Sankt-Peterburgdagi Ermitaj muzeyida saqlanadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, bu eshik orqali Amir Temur maqbarasiga sharqiy tomondan kirilgan. Eshik mustahkam, chiroyli, o‘ymakorlikda ishlatishda qulayligi bo‘lgan grek yong‘og‘idan yasalgan. 1996 yilda mazkur eshik maqbaradan olingan va konservatsiya hamda restavratsiya ishlari uchun muzey-qo‘riqxona fondiga qabul qilingan.

Me’morchilik bezaklari va qurilishda ishlatilgan toshlar

Keyingi ashyolar Amir Temur maqbarasi ochilishi dalolatnomalari nusxalari bo‘lib, O‘zFA Samarqand arxeologiya instituti ilmiy arxividagi aslidan nusxa olingan. Shuningdek, navbatdagi vitrinada Amir Temur davriga oid me’morchilik bezaklari va shovul toshlar namoyish etilgan. Ulardan eng asosiylari Samarqand shahridagi Ishratxona binosining me’moriy bezagi parchasi bo‘lib, o‘rtasida hikmatli yozuvlar yozilgan. Namoyish etilayotgan mayda va katta toshlar shovullar vazifasini bajargan. Bo‘rtma bezaklar, ya’ni kundal ba’zi bir joylarda oltin bilan bezatilgan.

Temuriylar davriga oid kulolchilik buyumlari va yaktak

Tarixchi To‘lqin Bo‘riyevning ta’kidlashicha, muzeydagi kulolchilik buyumlari XIV-XV asrlarga oid bo‘lib, Samarqanddan topilgan. O‘sha davrda chinniga qiziqish juda kuchli bo‘lganligi sababli, idishlarga oq sir, ko‘k rangli bezaklar berish orqali Xitoydagi chinniga o‘xshatib yasashga harakat qilingan. Shuningdek, metall buyumlar ham XV asrga oid bo‘lib, Samarqand shahridagi Registon maydoni yaqinidan topilgan. Bundan tashqari, 1960 yilda Nemsova boshchiligidagi arxeologlar guruhi tomonidan Shohi Zinda majmuasidagi Amir Temurning lashkarboshisi Amir Burunduq maqbarasidan topilgan yaktak ham noyob ashyo sanaladi. Yaktak (xalat) 13-14 yoshida shahid bo‘lgan yosh yigitchaga tegishli bo‘lib, ipak matodan tikilgan. Yaktak o‘tgan asrning 70-80-yillarida Ermitaj muzeyida restavratsiya qilinib, Samarqand muzeyiga topshirilgan.

Sohibqiron saroyidagi mashhur “Ko‘k tosh”

- O‘tgan asrning 50-60-yillarida Amir Temur arki a’losi o‘rnida olib borilgan arxeologik qazishma ishlari vaqtida topilgan bir nechta tosh buyumlar saqlanib kelinmoqda, - deydi T.Bo‘riyev. - Ulardan biri Sohibqiron Amir Temurning saroyida taxtining ostida bo‘lgan mashhur “Ko‘k tosh”dir. Ushbu taxt osti toshi 1960 yillarda maqbara hovlisidan ko‘chirib keltirilgan bo‘lib, uning ustida bo‘lgan taxtda Amir Temur davlatni idora etgan. Temuriylardan keyin ushbu tosh Samarqandda Amir Temur saroyida saqlangan bo‘lib, Buxoro xonlari va amirlarining taxtga o‘tirish marosimlari ushbu tosh ustida amalga oshirilgan. Ayniqsa, ushbu udum mang‘it amirlari hukmronligi davrida avj olgan bo‘lib, agarda hukmdorning taxtga o‘tirish marosimi mazkur tosh ustida amalga oshirilmagan bo‘lsa, u hukmdor o‘zini to‘laqonli amir deb hisoblamagan. “Ko‘k tosh” Amir Temur davridan XIX asr oxirlarigacha Turkistonda hukmdorlik, toju taxt ramzi bo‘lgan.

Hadislar to‘plami, vaqf hujjati, qo‘lyozmalar va jangovar nog‘ora

Samarqand shahridagi Mirzo Ulug‘bek muzey-majmuasida temuriylar davriga oid “O‘zBAT” rahbariyati tomonidan sovg‘a qilingan, Abdulloh Tabbadal-Hiraviyning Samarqand qog‘ozida yozilgan hadislar to‘plami kitobi ham bo‘lib, ushbu to‘plam madrasa talabalari uchun maxsus tayyorlangan.

Movarounnahrda Amir Temur va Ulug‘bek davrida yerlarni in’om qilish tizimi yo‘lga qo‘yilib, yer solig‘i kamaytiriladi. Buni hozirda saqlanib kelinayotgan qo‘lyozma hamda “vaqf” hujjatlarida ham ko‘rish mumkin. Shuningdek, mazkur muzeyda XV asrga tegishli, balandligi 24 santimetr bo‘lgan jangovar nog‘ora, Mirzo Ulug‘bekning XV asrda nashr etilgan “Yulduzlar katalogi” ham saqlanmoqda.

Fazliddin Ro‘ziboyev tayyorladi.