Samarqandda test kitobining sahifasini yirtib olib chiqqan abituriyent test sinovlaridan chetlashtirildi

Ijtimoiy tarmoqlarda test kitobidagi savollar aks etgan suratlar tarqalgan edi.

Bilim va malakalarni baholash agentligi holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, kimyo fanidan test topshiriqlari aks etgan 7101863 raqamli test topshiriqlari kitobi shu yilgi test sinovlariga taalluqli bo‘lgan.

Ya’ni joriy yilning 1 avgust kuni Samarqand viloyatida test topshirgan abituriyent test topshiriqlari kitobining varag‘ini yirtib, olib chiqib ketgan. Bu holat videokuzatuv orqali aniqlangan.

Natijada Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 3 apreldagi 261-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 52-bandiga muvofiq, mazkur abituriyent test sinovidan chetlashtirilgan.