Samarqandda topilgan qadimiy artefaktlardagi yozuvlar siri ochildi
2 noyabr kuni Samarqand shahrida olib borilgan qazishmalar chog‘ida qadimiy qabr toshlari topilgani haqda xabar berilgandi. Topilma tez orada jamoatchilik orasida qiziqishga sabab bo‘ldi.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Arxeologiya instituti, Samarqand davlat universiteti olimlari voqea joyiga borib, o‘rganish o‘tkazdi va Madaniy meros agentligi dastlabki o‘rganishlar natijasini e’lon qildi.
Samarqandlik taniqli tarixchi olim Komilxon Kattayev mazkur artefaktlardagi yozuvlar bo‘yicha qimmatli ma’lumotlarni zarnews’ga taqdim etdi.
Tarixchiga ko‘ra, birinchi ko‘ktosh Ashtarxoniylar sulolasining Imomqulixon hukmronligi (XVII asrga oid) davri va Samarqandda Yalangto‘sh Bahodir hokimligi davridagi saroy a’yonlariga tegishli boy-feodal oilaga mansub ayol kishiga tegishli qabrtoshidir.
Toshning ustida katta naqshli, ko‘fiy uslubda (bo‘rttirib, qavarib chiqarib yozilgan harflarda) o‘rtada Kalimai shahodat, toshning ust atrofida "Oyat al-kursiy" oyati to‘la yozilgan.
Toshning old tomonida: "Haza al-marqad al-mag‘furi marhumi Oqila Bibi binti So‘xiy Uvays (yoxud Abdul Vays)" yozuvi bor. Toshning orqa uchida: "Valfit-torixi sanati isna va sittun va alf (vafot sanasi 1062//1651y)" deb yozilgan.
Ikkinchi, kichik naqshli ko‘ktoshning ust tomonida o‘rtada Kalimai shahodat, ust tomonning to‘rt atrofida "Oyat al-kursiy" oyati to‘liq yozilgan.
Ko‘ktoshning old uchida: "Hazaa marqal al-munavvar Bibi Sofiya binti Ravshan" deb bitilgan. Qabrtoshning orqa uchida: "Fit-to‘rixi 1061//1650 yil sanasi keltirilgan.
Xulosa shuki, qabrtoshlarning egalari bo‘lmish ikki ayol qarindosh bo‘lib, ikki yilda orqama-ketin vafot etishgan (ona va qiz bola bo‘lishi mumkin). Qabrtoshlar paleografik jihatdan, tuzilishi, naqshlari va oyatlarning bir usta tomonidan yozilganligi shularni bildiradi, deydi Komilxon Kattayev.
Mazkur toshlar topilgach, dastlab viloyat o‘lkashunoslik muzeyiga yetazilgan edi. Bugun Samarqand shahar hokimligi axborot xizmati toshlarning Samarqand shahridagi Shohi Zinda qabristoniga olib borilganini ma’lum qildi.