Samarqandda turkiyalik hamkorlar bilan sifat va sertifikatlashtirish laboratoriyasi barpo etiladi
O‘zbekiston va Turkiya davlat rahbarlarining oliy darajadagi uchrashuvlari oldidan 2024 yil 5 iyun kuni “O‘zbekiston-Turkiya biznes-forumi”da O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining delegatsiyasi tarkibida Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti rektori Shavkat Hasanov ishtirok etdi.
Anqara shahrida bo‘lib o‘tayotgan biznes-forum doirasida Turkiyaning Hilab Scientific Test Hizmetleri Anonim Şirketi instituti bilan O‘zbekistonda amalga oshirilishi rejalashtirilgan davlat-xususiy sheriklik asosida institutda xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgan oziq-ovqat xavfsizligiga qaratilgan sifat va sertifikatlashtirish laboratoriyasini tashkil etish bo‘yicha muzokaralar olib borildi hamda hamkorlik memorandumi imzolandi.
- Institutda tashkil etiladigan mazkur laboratoriya faoliyati "Ta’lim - tadqiqot - ishlab chiqarish" tamoyillari asosida faoliyat yuritadi, - dedi Sh.Hasanov. - Turkiyalik hamkorlar yaqinda institutimiz imkoniyatlarini bilan tanishish maqsadida Samarqandga keladi.
Ayni vaqtda institut rektori Shavkat Hasanov Turkiyaning mazkur instituti faoliyati bilan yaqindan tanishmoqda.