Samarqandda USAID adminstratori Samanta Pauer Markaziy Osiyo davlatlari vazirlari bilan uchrashdi
O‘zbekistonda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan USAID (AQSh) administratori Samanta Pauer boshchiligidagi delegatsiya Samarqandga keldi.
Dastlab USAID adminstratori va Markaziy Osiyo vazirlarining uchrashuvi (C5+1) bo‘lib o‘tdi. Shundan so‘ng, USAID adminstratori Samanta Pauer jurnalistlarga qisqacha ma’lumot berdi:
- Bu uchrashuvimiz o‘tgan oyda Markaziy Osiyo yetakchilari va AQSh prezidenti tomonidan BMT Bosh Assambleyasida ilgari surilgan tashabbuslarni davom ettirish uchun ajoyib imkoniyatdir. Prezident Bayden bilan bo‘lgan o‘sha uchrashuvda AQSh prezidenti Qo‘shma Shtatlar barcha davlatlaringizning suvereniteti, mustahkamligi va farovonligini mustahkamlashga sodiqligini yana bir bor tasdiqladi. Hamkorlikdagi loyihalar bo‘yicha muhim qadamlar qo‘yildi – ko‘proq sarmoyani jalb qilish bo‘yicha islohotlarni amalga oshirish, fuqarolik jamiyati qurish borasida hamkorlik qilish, bolalar mehnati, majburiy mehnatga chek qo‘yish shular jumlasidan.
Hamkorligimiz Markaziy Osiyoda barqarorlik va umumiy farovonlikni oshirishga qaratilgan. BMTdagi uchrashuvda ta’kidlanganidek, iqtisodiy aloqalarni oshirish ushbu maqsad uchun juda muhim. Mintaqalararo va xalqaro savdodagi to‘siqlarni kamaytirish bo‘yicha ham hamkorlikda ish olib borilmoqda. Bu bo‘yicha keyingi qadamlar qo‘yish orqali mintaqada yangi investitsiyalarni jalb qilish, eksport uchun yangi bozorlarni ochish yanada osonlashadi”, dedi o‘z so‘zida Samanta Pauer.
Tadbirda ishtirok etgan O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov oziq-ovqat xavfsizligi, iqlim o‘zgarishi va ta’minot zanjirining uzilishi kabi muammolarni birgalikdagi sa’y-harakatlar va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash orqali hal qilish mumkinligini ta’kidladi.
- Markaziy Osiyo doimo Yevropa va Osiyoni bog‘lovchi ko‘prik vazifasini o‘tagan. Davlatlarimiz o‘rtasida mustahkam aloqalar mavjud. Dunyoda an’ana, urf-odatlari va qadriyatlari jihatidan bir-biriga juda yaqin bo‘lgan davlatlar mavjud emas. Biz shunchaki qo‘shnilar emas, balki katta bir hududda birga yashayotgan qarindoshlar, aka-uka va do‘stlarmiz, — dedi Qudratov.