Samarqandda “Vatanparvarlik oyligi” doirasida tadbirlar tashkil etildi

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 32 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan viloyatimizda “Vatanparvarlik oyligi” davom etmoqda.

Ommaviy sport musobaqalariga start berildi

Jumladan, oylik doirasida viloyatdagi huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari, harbiy xizmatchilar hamda sport turlari bo‘yicha viloyat terma jamoalari sportchilari o‘rtasida musobaqalar o‘tkaziladi.

Musobaqalar 10-20 yanvar kunlari voleybol, basketbol, futzal, shaxmat, erkin kurash, yengil atletika, stol tennisi, suzish va o‘q otish turlari bo‘yicha Samarqand shahridagi sport majmualarida bo‘lib o‘tadi.

Urgut va Payariqda vatanparvarlik festivali o‘tkazildi

Samarqand garnizonidagi harbiy qism targ‘ibot guruhi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 32 yilligi hamda 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan “Yangi O‘zbekiston armiyasi – mamlakat qudrati, yuksak g‘urur va sadoqat timsolidir!” shiori ostida Urgut va Payariq tumanlarida vatanparvarlik festivali tashkil etildi.

Festival “Sog‘lom hayot uchun 5000 qadam” shiori ostidagi yurish marafoni bilan boshlandi. Tumanlar sektor rahbarlari boshchiligida o‘tkazilgan marafonda minglab yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirda so‘z olganlar xalq va armiya birdamligini yanada mustahkamlash, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, aholi o‘rtasida milliy armiyamiz bilan faxrlanish tuyg‘usini oshirish kerakligi haqida ta’kidlandi.

Festival doirasida faxriy qorovulning ko‘rgazmali chiqishlari, qo‘l jangi ustalarining jangovar harakatlari namoyish etildi. Harbiy orkestr jamoasining Vatanni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlari festivalga bayramona kayfiyat bag‘ishladi.

Marhum harbiy xizmatchilar oilasi yo‘qlandi

Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi, viloyat, tuman va shahar hokimliklari boshchiligida “Vatan fidoyi farzandlarini unutmaydi” shiori ostida yurt tinchligi yo‘lida fidoyilik ko‘rsatgan, xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan samarqandlik harbiy xizmatchilarning yaqinlaridan hol so‘raldi.

Jumladan, mas’ullar marhum leytenant Sayyor Sa’dinov, leytenant Ma’rufjon Rahmonov, katta serjant Ma’rufjon Rajabov, serjant Ulug‘bek Barnoyev, kichik serjant Nodir Sobirov, kichik serjant Akmal Mirzaahmedov, kichik serjant Ulug‘bek Hasanov, oddiy askar Lochin Hayitovlarning xonadonida bo‘lishdi.

Harbiy xizmatchilarning ota-onasi, turmush o‘rtog‘i va farzandlari holidan xabar olinib, Mudofaa vazirligi tomonidan ajratilgan pul mablag‘lari va okrug qo‘mondonligining bayram sovg‘alari topshirildi.