Samarqandda Xalqaro donorlar kuni nishonlandi
- Ikki farzandimning hayoti donorlar topshirayotgan qonga bog‘liq, - deydi Feruz Davronov. – Ikkalasi ham talassemiya kasalligi bilan og‘rigan, muntazam qon quyib turilishiga muhtoj. Mana 13 yildirki, donorlarga tayanamiz. Ulardan minnatdormiz.
Afsuski, bu kasallik bilan faqat shu oilaning farzandlari og‘rimagan. Bugun respublikamizda 250 nafardan ziyod bola mazkur xastalikdan aziyat chekadi. Ularni og‘ir asoratlardan himoya qilish uchun organizmiga donorlar qonidan olinadigan komponentlar yuborib turilishi kerak.
Viloyat qon quyish markazida 14 iyun - Xalqaro donorlar kuni munosabati bilan tashkil etilgan tadbir ishtirokchilari orasida shunday murakkab taqdirli insonlarni ham uchratish mumkin edi. Ular bugun o‘z xaloskorlari va sohada mehnat qilayotgan fidoyi shifokorlarga minnatdorchilik bildirish uchun kelgan. Xususan, Feruz Davronov singari faol ota-onalar jarayonga o‘z hissasini qo‘shish maqsadida o‘tgan yili O‘zbekiston talassemiya bemorlari jamoat fondini tashkil etdi.
Tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosari R.Qobilov so‘zga chiqib, beg‘araz donorlikning ahamiyati, mazkur harakat tufayli hayoti saqlab qolinayotgan bemorlar haqida to‘xtaldi. Donorlik aksiyalarini yanada kengaytirish, jarayonda fuqarolar faolligini oshirish lozimligi ta’kidlandi.
— Viloyatimizdagi shifoxonalarga har yili 12,5-13 tonna qon komponentlarini tayyorlab beramiz, - deydi viloyat qon quyish markazi bosh shifokori Rofe Aliyev. – Bunda bizga davlat va jamoat tashkilotlari yaqindan ko‘mak beradi. Xususan, prokuratura, bojxona va ichki ishlar organlari xodimlari, harbiylar orasida donorlar juda ko‘p. Oxirgi vaqtda donor bo‘lish tashabbusi bilan chiqayotgan fuqarolar soni ham ortib bormoqda.
Sana munosabati bilan Sog‘liqni saqlash vazirligining tegishli buyrug‘i asosida ikki nafar samarqandlik donor - Abdusalom Jalilov hamda Elmira Stepanova “O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Shuningdek, bir qator faol donorlar va shifokorlarga ham tashkilotchilarning esdalik sovg‘alari topshirildi.
Tadbir yakunida R.Qobilov boshchiligidagi bir guruh mas’ullar qon topshirib, xayrli ishga o‘z hissasini qo‘shdi.
Asqar Barotov.