Samarqandda xalqaro olimpiya kuni nishonlanmoqda

1894 yil 23 iyunda tashkil etilgan va bugunga kelib dunyoning 206 mamlakatini o‘z atrofiga birlashtirgan Xalqaro olimpiya qo‘mitasi tashkil etilgan kun har yili jahon miqyosida keng nishonlanadi.

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi ham 1994 yildan buyon ushbu tashkilotning a’zosi sifatida bu sanani nishonlab keladi. Bu yil xalqaro olimpiya kuniga bag‘ishlangan tadbirlar 23 iyun kuni bilan cheklanmay, ayni paytda yurtimiz bo‘ylab davom etmoqda.

Jumladan, bugun Samarqandda ham “Tokio sari yo‘l” shiori ostida olimpiya kuniga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazildi.

Viloyat sportchi yoshlari, havaskorlar, talabalar Samarqand shahridagi Islom Karimov ko‘chasi bo‘ylab ommaviy yurish bilan Registon maydoniga kirib keldi.

Bu yerda 2 mingdan ortiq sportchilar olimpiya xalqasini hosil qildi. Olimpiya o‘yinlaridan joy olgan sport turlari bo‘yicha ko‘rgazmali chiqishlar namoyish etildi. Ularning mashg‘ulotlarini mahalliy aholi va sayyohlar maroq bilan kuzatdi.

– 3-6 iyul kunlari viloyatimizning barcha tuman va shaharlarida xalqaro olimpiya kuniga bag‘ishlangan madaniy, sport tadbirlari o‘tkazish rejalashtirilgan va bu bugun Samarqand shahridan boshlandi, – deydi Samarqand viloyati jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Ro‘ziyev. – Bu tadbirlarda xalqaro va respublika musobaqalar g‘oliblari, olimpiya va paralimpiya o‘yinlari ishtirokchilari, sportchi yoshlar, faxriylar, keng jamoatchilik ishtirok etadi. 6 iyul kuni tadbirlarning yakuni sifatida “Dinamo” o‘yingohida viloyatimizda sportning ommaviyligini oshirishga hissa qo‘shayotgan insonlar va tashkilotlarni, sportchilarni taqdirlash marosimi va gala-konsert o‘tkaziladi.