Samarqandda xizmatlar ko‘rsatish tarmoqlarining iqtisodiyotdagi o‘rni qanday?

Xizmatlar sohasi tadbirkorlik yo‘nalishlari orasida eng barqaror va tez o‘suvchi tarmoqlardan biri. O‘tgan yili bu yo‘nalishda viloyatda 58,9 trillion so‘mlik xizmatlar ko‘rsatilib, 2023 yilga nisbatan 14,1 foizga o‘sishi ta’minlandi.

Natijada, yalpi hududiy mahsulotdagi xizmatlar ulushi 1,4 foizga oshib, 44,9 foizni tashkil etdi. Aholi jon boshiga esa xizmatlar hajmi 13,8 million so‘mni tashkil etib, 2023 yilga nisbatan 2,6 million so‘mga ko‘paydi. 

Bunday natijaga erishilishida bir qator omillar sabab bo‘ldi. Masalan, 2024 yilda tadbirkorlarning 18 mingdan ortiq loyihalariga 870,1 milliard so‘m imtiyozli kredit ajratib berildi. 426 gektar yer uchastkasi auksionga chiqarilib, shundan bugungacha 328,3 gektari sotildi. Qiymati 5,4 trillion so‘mlik 855 ta yirik loyiha ishga tushirilib, 9 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi.

Misol uchun, Samarqand shahridagi “Sam Selin Textile” MChJ tomonidan qiymati 220 milliard so‘mlik yirik savdo va ko‘ngilochar markazi tashkil etilib, 270 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Avtomobil yo‘llari bo‘yida 127 milliard so‘mlik 159 ta xizmat ko‘rsatish loyihasi ishga tushirilib, 443 ta ish o‘rni yaratildi. Birgina Oqdaryo tumanining M-37 magistral yo‘li bo‘yida “Laproscopic Center” MChJ tomonidan qiymati 34 milliard so‘mlik tibbiy markaz ishga tushirilib, 30 ta yangi ish o‘rni tashkil etildi. 12 ta 24/7-rejimida tunu-kun ishlaydigan ko‘chalar tashkil etilib, ulardagi 98 ta loyihada 186 ta ish o‘rni yaratildi. Mahallalarda 5700 ga yaqin xizmat shoxobchalari tashkil etildi,  sohada norasmiy ishlayotgan 61 ming nafar ishchi-xodimlar faoliyati legallashtirildi, 108 ming fuqaro sohada o‘zini-o‘zi band qildi. Umuman olganda, xizmatlar sohasida 4,7 mingta kichik biznes sub’yekti tashkil etilib, jami 194 ming nafar aholining bandligi ta’minlandi. 

Joriy yilda xizmatlar hajmini 75,2 trillion so‘mga yetkazib, 15,4 foizga o‘sishni ta’minlash bo‘yicha barcha choralar ko‘riladi. Bugungi kunda viloyatda xizmatlar sohasining  IT, ekoturizm, tibbiy xizmat, sohil bo‘yi dam olish maskanlari, xalqaro yo‘l bo‘yida servis ob’yektlarini tashkil etish yo‘nalishlari “drayver” sohaga aylanib, jadal rivojlanmoqda.  Joriy yilda IT-park rezidentlari soni hozirgi 141 tadan 186 taga yetkazilib, ulardagi xizmatlar hajmi 3 trillion so‘mga, o‘sish sur’ati esa 33 foizga ta’minlanadi. IT-park rezidentlari bo‘lgan 48 ta o‘quv markazlarida 8 mingga yaqin yoshlar raqamli texnologiyalarga o‘qitiladi. 

Misol uchun, Samarqand shahrida “Sam IT Globol” MChJ tomonidan qiymati 61 milliard so‘mlik IT-markazi tashkil etildi. Joriy yilda ushbu markazda sun’iy intellekt, Frontend, backend, veb dizayn, Grafik dizayn, kompyuter savodxonligi, kiber xavfsizlik yo‘nalishida 4 ming nafar yoshlar o‘qitiladi. Maktablar uchun masofaviy 2500 nafar o‘quvchilar o‘qitiladi.      

Bundan tashqari, Samarqand shahrida “IT work Korea” kompaniyasi tomonidan IT sohasida 100 nafar yosh dasturchi ishga olinadi. “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida 30 ming nafar yoshlar o‘qitiladi.  IT xizmatlari eksporti esa 10 million dollardan 15 million dollarga yetkaziladi.

Davron Rasulov,

viloyat iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi shu’ba boshlig‘i.