Samarqandda yana “pul yomg‘iri”: Bunaqa bema’nilikni qachon bas qilamiz!

Rost, butun jamoatchilikka, yurtdoshlarimizga murojaat qilish zarurati paydo bo‘lmoqda. Chunki to‘ylar bilan bog‘liq mashmasha borki, Samarqandda kuzatilyapti. Buning ortidan qaysiki illat ijtimoiy tarmoqda bo‘y ko‘rsatsa, ko‘hna kentga, azim shahrimizga bog‘lanyapti.

Yaqinda tarqalgan videolavha esa keyingilarini ham bemalol Samarqandda deyish uchun «imkon» yaratdi. Unda bir «boyvachcha» bir necha taxlam pulni sochib yuborganini tomosha qilish mumkin.

Befarosatlik yoki mas’uliyatsizlik?

To‘ylarda milliy valyutamizni oyoq osti qilingani aks etgan videolavhalar asosan shaharda ekanligiga guvoh bo‘lish mumkin. Ularning xatti-harakatlarini oqlab, “orzu-havasli kishilar ekan”, deydiganlar ham topiladi.

Balki pul topib aql topmaganlardir ular. Nima, boshqa viloyatlarda badavlat kishilar yo‘qmi? Borligi aniq, biroq ularning Samarqanddagi boyvachchalardan farqi shuki, ularda milliy valyutaga nisbatan hurmat, davlat oldida mas’uliyat bor.

Boshqacha bo‘lishi mumkinmas. Zotan, yurtni sevgan, uning ravnaqi uchun o‘zida mas’uliyatni his qilgan kishi milliy valyutani oyoq osti qilmaydi.

To‘ylarni tartibga olish shart

Pul sochish bilan bog‘liq hodisa borki to‘y va shunga o‘xshash ma’rakalarda kuzatilyapti. Avval ham yozganmiz, takror bo‘lsa-da, aytish lozim, bu tadbirlarni cheklash haqida parlament palatalarining qo‘shma qarori chiqqan. Oradan bir necha yil o‘tganiga qaramay, unga amal qilmaganlarga chora ko‘rishning huquqiy asosi yaratilmadi.

Buning ortidan turli xurmacha qiliqlar ko‘paysa ko‘paymoqdaki, butkul chek qo‘yilmayapti. Shuning o‘ziyoq to‘y, ma’raka-marosimlar borasida Senat va Qonunchilik palatasi belgilagan me’yorlarga amal qilmaganlarning “tanobini tortib qo‘yish” vaqti allaqachon yetib kelgan.

Yaxshi otga bir qamchi...

Bu haqda bir kishining savoliga Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning bergan javoblarini bilib qo‘yish foydadan xoli bo‘lmaydi.

Xususan, islom.uz saytiga “To‘ylarda pul sochish yoki uni o‘sha yerda raqsga tushayotganlarga berish harommi?” degan savol yo‘llangan.

Unga qisqa “Ha, chunki bu harom ishni olqishlash bo‘ladi. Gunohga rozi bo‘lish gunoh, gunohni olqishlash esa yanada qattiqroq. Vallohu a’lam!”, deyilgan.

Aslida izohga o‘rin yo‘q. Faqat xulosa chiqarish, unga amal qilish har kimning o‘ziga havola, albatta. Ammo bir nechta tanishlarimdagi o‘zgarishni aytib o‘tishni o‘rinli deb bildim:

- O‘sha savol-javobni o‘qiganimdan keyin to‘yda cho‘ntagimdan mutlaqo pul chiqarmaslikni odat qildim, - deydi ulardan biri. – Raqqosa tugul, yaqinlarim, hatto opam yo onam o‘ynaganda ham ularga pul uzatmayman.

Yoqubjon MARQAYeV.