Samarqandda yopilgan bog‘chalar haqida munosabat bildirildi

Zarnews.uz saytida e’lon qilingan “Samarqandda bir necha bog‘cha yopilgan. Nega?” sarlavhali maqolada qurilish ta’mirlash ishlari amalga oshirilayotganligi, yaroqsiz holatga kelganligi tufayli berilgan vakolatli organlar xulosasi va boshqa sabablarga ko‘ra yopilgan bog‘chalar sanab o‘tilgan edi.

Unda yaroqsiz holatga kelgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari binosini qayta qurish uchun investitsiya dasturiga taklif berilmaganligi, talabga javob bermaydigan bog‘cha oshxonasi yoki hojatxonasini mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan qayta qurish mumkinligi qayd etilib, “... mas’ullar buning ham chorasini ko‘rmagan” deya tanqid qilingan.

Keyingi yillarda mamlakatimizda maktabgacha ta’lim tizimiga katta e’tibor qaratilmoqda. Ushbu tizimda amalga oshirilayotgan islohotlar o‘z samaralarini beryapti.

Tahlillarga murojaat qiladigan bo‘lsak, 2018 yilda Samarqand viloyatida 556 ta davlat va 8 ta nodavlat MTT (maktabgacha ta’lim tashkiloti)lari mavjud bo‘lib, viloyatdagi jami 3-7 yoshli 305 068 nafar  bolalarning 63 621 nafari (20, 9 foizni) qamrab olingan.

2023 yilga kelib, viloyatda DMTT (davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari) soni 749 taga, nodavlat MTTlar soni 68 taga, DXSh (davlat-xususiy sheriklik) asosidagi MTTlar soni 131 taga, oilaviy MTTlar 3 133 taga ko‘payib, jami bog‘chalar soni 4 075 taga yetkazilgan. Ularda 356 760 nafar 3-7 yoshli bolalarning 251 133 nafari tarbiyalanmoqda. Natijada qamrov darajasi 70,4 foizga yetkazilgan.

Shundan ko‘rinib turibdiki, o‘tgan 6 yil davomida viloyatda yangi 193 ta DMTTlari, 54 ta nodavlat (xususiy), 131 ta DXSh va 3 133 ta oilaviy bog‘chalar tashkil etilgan va qisqa muddatda qo‘shimcha 49,5 foiz 3-7 yoshli bolalar maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrab olinishiga erishilgan.

Ta’kidlash joizki, joriy yilning o‘zida yangidan 364 ta (14 ta davlat, 8 ta DXSh asosidagi va 342 ta oilaviy nodavlat) MTTlar tashkil etilib, qo‘shimcha 11 427 nafar bola maktabgacha ta’lim bilan qamrab olindi. Investitsiya dasturi asosida jami 113,2 mlrd. so‘mlik 25 ta davlat MTTlari (4 ta yangi qurilish va 21 ta rekonstruksiya qilish) o‘z muddatlarida foydalanishga topshirildi.

Maqolada “Oqdaryo tumani “Turon” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan 1-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti qurilish boshlangani sabab yopilgani haqida yozilgan. Ushbu davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti ta’mirdan so‘ng, 2023 yilning 11 dekabridan ish faoliyatini boshlaganligini ma’lum qilamiz.

Viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.