Samarqandda yuziga niqob kiyib yo‘lovchilarga noma’lum suyuqlik sepgan o‘spirin aslida tengdoshlari bilan prank uyushtirgani aniqlandi

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqandda tibbiy niqob kiygan o‘spirin yigit bekatda tramvayga yugurib kirib, yo‘lovchilarning yuziga noma’lum suyuqlikni sepib, qochib ketdi, degan xabar tarqaldi. O‘sha xabarlarda yuzlariga ushbu suyuqlik tekkan yigitlar shu zahoti hushini yo‘qotgani, qolgan yo‘lovchilar esa, vahimaga tushib, tramvaydan yugurib tushib ketgani aytiladi.

Mazkur holat yuzasidan Samarqand shahar Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilib, holatga aniqlik kiritilgan, deb xabar beradi daryo.uz.

Ma’lum bo‘lishicha, 4 iyul kuni soat taxminan 19:40 atrofida Samarqand shahrida Sartepo-Vokzal yo‘nalishida qatnab keluvchi 1-tramvay Buyuk ipak yo‘lining «Choy fabrikasi» bekatida kelganda 2003 yilda tug‘ilgan, Samarqand shahridagi 33-maktabning 8-sinf o‘quvchisi D.T. yo‘lovchilarning yuziga noma’lum suyuqlikni sepgan. D.T.ning tramvay ichidagi sheriklari oldindan kelishilgan holat bo‘yicha, o‘zlarini hushidan ketgan holatga solgan.

Surishtiruv ishlari natijasida ushbu holatni 2006 yilda tug‘ilgan, 33-maktabning 11-sinf o‘quvchisi A.I., 2007 yilda tug‘ilgan, 42-maktabning 10-sinf o‘quvchisi A.I., 2003 yilda tug‘ilgan, 42-maktabning 11-sinf o‘quvchisi T.Y., 2003 yilda tug‘ilgan, 33-maktabning 8-sinf o‘quvchisi D.T., 43-maktabning 8-sinf o‘quvchisi R.M., 2006 yilda tug‘ilgan, 33-maktabning 7-sinf o‘quvchisi S.M., 2004 yilda tug‘ilgan, 43-maktabning 9-sinf o‘quvchisi D.B.lar o‘zaro oldindan kelishgan holda amalga oshirganligi aniqlangan.

Foto: «Daryo»

Surishtiruv ishlari jarayonida ma’lum bo‘lishicha, mazkur videoni S.M. o‘zining iPhone rusumli mobil telefoni orqali internet tarmoqlariga tarqatib, ijtimoiy tarmoqlarda «prank» (tarmoq hazili) qilmoqchi bo‘lganligi aniqlangan.

Ushbu voyaga yetmagan yoshlarning qilmishi yuzasidan Samarqand shahri bo‘yicha Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.