Samarqanddagi 42 ta korxona tomonidan 8700 tonnadan ziyod tovar eksport qilindi
O‘zbekiston Respublikasida karantin chora-tadbirlari boshlangan 2020 yil 15 mart kunidan buyon shu kunga qadar bojxona sohasida tadbirkorlik sub’yektlari va aholini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida Hukumatimiz tomonidan tovarlar eksporti yo‘nalishida ham tadbirkorlik sub’yektlariga bir qator qulayliklar yaratildi.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 19 martdagi “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga asosan tadbirkorlik sub’yektlariga:
- hisobot yilida amalga oshirilgan tovarlarning umumiy eksportiga nisbatan 10 foizdan oshmagan muddati o‘tgan debitor qarzdorligi mavjud bo‘lgan taqdirda, kafolatlangan to‘lovni ta’minlamasdan, tovarlar eksportini amalga oshirishga;
- 2020 yil davomida tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha muddati o‘tgan debitor qarzdorligini so‘ndirish evaziga texnologik asbob-uskunalar va xom ashyo tovarlarini import qilish bo‘yicha bir martalik operatsiyalarni amalga oshirishga ruxsat berildi.
Tadbirkorlik sub’yektlariga yaratilgan mazkur qulayliklar asosida Samarqand viloyatida ro‘yxatga olingan, muddati o‘tgan debitor qarzdorligi mavjud bo‘lgan 42 ta korxonalar tomonidan jami 8 704,79 tonna, qiymati 6 million 484,25 ming AQSh dollari qiymatidagi tovarlar eksporti amalga oshirildi.
Eslatib o‘tamiz, tadbirkorlar va jismoniy shaxslarning iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish maqsadida viloyat bojxona boshqarmasida (66) 233-63-00 raqamli “Ishonch telefoni” 24 soat davomida faoliyat olib bormoqda.
Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati.