Samarqanddagi 886 ta maktab optik tolali internetga ulanmagan
Bu haqda viloyat hokimligida o‘tkazilgan apparat yig‘ilishida aytib o‘tilgan.
Uchinchi tashabbus - aholi va yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni tashkil etish bo‘yicha tuman va shaharlarda “Raqamli texnologiyalar” markazi ochish rejalashtirilgan.
Bugungi kungacha Kattaqo‘rg‘on shahar, Toyloq va Samarqand tumanlarida “Raqamli texnologiyalar” markazlari ishga tushirilgan.
Past Darg‘om tumanidagi markaz ishga tushirish uchun tayyor. Urgut, Oqdaryo tumanlarida mebel jihozlari o‘rnatilmagan.
Qolgan tuman va shaharlarda hokimliklar tomonidan “Raqamli texnologiyalar” markazi uchun bo‘sh turgan bino ajratish yoki yangi bino qurish bo‘yicha biron bir ishlar amalga oshirilmagan.
Uchinchi tashabbus doirasida shuningdek, viloyatdagi 1255 ta umumiy o‘rta ta’lim maktablarida IT yo‘nalishida 1934 ta to‘garak tashkil etilgan va 42 ming 828 nafar o‘quvchi jalb etilgan.
Ammo viloyatdagi 886 ta maktab optik tolali internet tarmog‘iga ulanmagan. Qiziq, ulardagi IT yo‘nalishidagi to‘garaklarda telefonda mashg‘ulot olib boriladimi?