Samarqanddagi "Afrosiyob" muzeyi koreyalik mutaxassislar hamkorligida restavratsiya qilindi

2019 yilda Janubiy Koreya Respublikasining Madaniy meros jamg‘armasi bilan Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi va O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi o‘rtasida “Ipak yo‘li madaniy merosini tadqiq etish va saqlash”ga doir memorandum imzolangan.

Loyiha “Ipak yo‘li” madaniy merosining saqlanishi va tadqiq etilishi bo‘yicha ma’lumot hamda ko‘nikma almashinuvi, shu bilan birga, arxeologik tadqiqotlar orqali turizmni rivojlantirish, Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi fondida saqlanayotgan etnografik va arxeologik topilmalarni restavratsiya va konservatsiya qilishga yo‘naltirilgan.

Shu asosda Koreya hukumati madaniy meros sohasidagi ODA (Official Development Assistance) loyihasini amalga oshirib, 2019-2021 yillarda Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi tarkibidagi O‘zbekiston madaniyati tarixi davlat muzeyida zamonaviy konservatsiya va restavratsiya laboratoriyasini o‘rnatgan edi. Ayni paytda O‘zbekiston Madaniy meros agentligi, Janubiy Koreya Madaniy meros jamg‘armasi va soha mutaxassislari hamkorligida Samarqand viloyatidagi tarixiy obidalarni, xususan, "Afrosiyob" muzeyini asrab-avaylash va turizm markaziga aylantirish bo‘yicha amaliy ishlar davom etmoqda.

Jumladan, ODA dasturi asosida Janubiy Koreyaning Madaniy meros jamg‘armasi tomonidan 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan “Samarqand viloyatining tarixiy-madaniy turizm salohiyatini oshirish” loyihasi doirasida "Afrosiyob" muzeyining restavratsiya ishlari uchun 33 ming AQSh dollarga yaqin mablag‘ ajratildi. Ushbu mablag‘ga muzeyning birinchi qavati (islomgacha bo‘lgan davr Samarqand tarixi) ekspozitsiyasi yangidan zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlandi, ko‘rgazmalar zali, videozal va yo‘laklar yangilandi. Ikkinchi qavatning shifti va tomi ham qayta ta’mirlandi. 

Hozirgi kunda muzey ekspozitsiyasidagi eksponatlar soni 2000 dan ziyodni tashkil etadi va ularning soni oshirish, konservatsiya va restavratsiya qilish ishlari davom etmoqda.
Mahmudxon Yunusov, “Samarqand” davlat muzey-qo‘riqxonasi bosh muhofizi.